Andijonda tuman obodonlashtirish boshqarmasi boshligʻiga jarima qoʻllanildi

    Ijtimoiy hayot 11 May 2023 1118

    U ishchilarni Mehnat kodeksi talablariga zid ravishda, yaʼni ish vaqtidan tashqari ishlarda, tungi ishlarda, shuningdek, dam olish kunlarida maʼmuriy tarzda majburan ishlatib kelinayotganliklari aniqlandi.

    Ijtimoiy tarmoqlarda yoritilgan “Andijonda yarim kechasi majburiy mehnatga jalb qilingan obodonlashtirish xodimi yoʻl transport hodisasi oqibatida vafot etdi” sarlavhali xabar yuzasidan maxsus tekshiruv komissiyasi tayinlanib, holat oʻrganildi.

    Tekshirish jaryonida, ishchilarni Mehnat kodeksi talablariga zid ravishda, yaʼni ish vaqtidan tashqari ishlarda, tungi ishlarda, shuningdek, dam olish kunlarida maʼmuriy tarzda majburan ishlatib kelinayotganliklari aniqlandi.

    Mazkur holat boʻyicha, tuman Obodonlashtirish boshqarmasi boshligʻiga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 51-moddasi 1-qismiga asosan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilib, jarima qoʻllanildi.

    Bundan tashqari, ushbu baxtsiz hodisa ishlab chiqarish bilan bogʻliq deb topildi va bu boʻyicha N-1 shaklidagi dalolatnoma rasmiylashtirildi.

    Sodir boʻlgan avtohalokat natijasida vafot etgan xodimning oila aʼzolariga yetkazilgan zarar summasi – marhumaning oʻrtacha olti yillik ish xaqi, yaʼni bir yuz yigirma ikki milion oltiyuz oʻttiz uch ming soʻm miqdoridagi bir yoʻla toʻlanadigan nafaqa Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat Kodeksining 328-moddasi talablariga muvofiq, toʻlanadi.

    Bundan tashqari, turmush oʻrtogʻiga va 2 nafar farzandlariga 490.000 soʻmdan har oyda toʻlanadigan yetkazilgan zarar summasi Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat Kodeksining 323-moddasi talablariga asosan toʻlanadi.

    Sodir boʻlgan avtohalokat natijasida ogʻir tan jarohati olgan ishchiga uning davolanishi davomida kasallik varaqalari boʻyicha toʻlovlarni oʻz vaqtida hisob-kitob qilinishi va toʻlanishini taʼminlash, mehnatga layoqatsizlik darajasi belgilanganda, uning oʻrtacha bir yillik ish xaqi 21 million 313 ming 772 soʻm miqdorida bir yoʻla toʻlanadigan nafaqa summasi va oyma-oy toʻlanadigan yetkazilgan zarar summasi hisoblandi.

    Yuz bergan baxtsiz hodisa natijasida xodimlarning oila aʼzolari, farzandlariga boquvchisining vafoti tufayli bir yoʻla nafaqa va oyma-oy toʻlanishi lozim boʻlgan zarar toʻlovlari Obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan amalga oshiriladi va buning ijrosi Davlat mehnat nazorati inspeksiyasi tomonidan nazoratga olinadi.

    Maxsus tekshiruv yakuni boʻyicha, barcha hujjatlar rasmiylashtirilib, belgilangan tartibda hududiy Ichki ishlar organiga yuborilishi taʼminlanadi.