Joriy yil 29-mart kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida mamlakatimiz turizm salohiyatini rivojlantirishda yangi tizimlarni joriy etish, tibbiyot va taʼlim turizmini rivojlantirish istiqbollari, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanishga eʼtibor qaratildi.
Davlatimiz rahbari tomonidan berilgan vazifalar ijrosi doirasida Andijon viloyati hokimligi tashabbusi bilan Oʻzbekiston-Hindiston oʻrtasidagi turistik munosabatlarni yanada rivojlantirish maqsadida bu oʻlka boʻylab ijodiy safarda boʻldik. Qisqa fursatda 40 dan ortiq uchrashuv va muzokaralar oʻtkazildi, turli sohalarda 13 dan ortiq hamkorlik memorandumi imzolandi. Jumladan, tibbiyot va taʼlim turizmini rivojlantirish maqsadida Hindistondagi nufuzli oliy taʼlim muassasalari, klinika rahbarlari bilan manfaatli kelishuvlarga erishdik.
Bugungi kunda institutimizda taʼlim olayotgan 502 xorijlik talabaning 298 nafari – hind yoshlari. Hindistonlik yoshlarning tibbiyot muassasalarida taʼlim olishga qiziqishi yildan-yilga ortib bormoqda. Shularni hisobga olib, Dehli va Balarampur shaharlarida institutning uchta vakolatli ofisi ochildi. Bu institutimizda tahsil olish istagidagi hindistonlik yoshlarni jalb qilishda muhim qadam boʻlmoqda. Endilikda tibbiyot sohasida bilim olishga qiziqqan yoshlar bilan samarali ishlash, biz haqimizda ularni qiziqtirgan savollarga toʻliq maʼlumotlar taqdim etish imkoniyati yaratildi. Vakolatli ofislarimizda 50 ga yaqin hindistonlik yigit-qizlar bilan muloqot oʻtkazib, institutimizdagi taʼlim jarayoni, talabalarga yaratilgan sharoit haqida maʼlumot berdik. Ularning aksariyati kelgusi oʻquv yilida bizning oliygohda tahsil olish maqsadida ekanini bildirdi.
Hindistonning eng katta tarmogʻi boʻlgan “Apollo” klinikasining Agra filialidagi mavjud sharoit, oʻtkaziladigan jarrohlik amaliyoti va turlari, zamonaviy tibbiy jihozlar bilan tanishdik. Bu yerda tibbiyot turizmni rivojlantirish strategiyasi sohasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, Oʻzbekistondagi tibbiy taʼlim hamda tibbiyotdagi islohotlar, Hindiston bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyihalar, taʼlim turizmi, mutaxassislar tayyorlash, tajriba almashish masalalari yuzasidan fikrlashib oldik.
Institutimizda xalq tabobati yoʻnalishi ham mavjud boʻlib, unda xalqaro qoʻshma loyihalar olib borish, qoʻshma taʼlim dasturlari, Oʻzbekistondagi dorivor oʻsimliklarni Hindiston xalq tabobati bilan birgalikda oʻrganish masalalari yuzasidan muhokamalar oʻtkazdik. Hindistonlik mutaxassislarni ADTI klinikasiga jalb qilish, jigar, buyrak va yurak transplantologiya sohasi boʻyicha murakkab jarrohlik amaliyotlarini viloyatimizda yoʻlga qoʻyish, qoʻshma taʼlim dasturlarini ishga tushirishda hamkorlik qilamiz.
“ACN Group of Institutions” boshqaruvchisi, doktor M.Xon bilan oʻsimliklar asosida dori mahsulotlari tayyorlash va tibbiy sohada zamonaviy bilimlar almashishdan iborat yangi loyihalar amalga oshiriladi. “ACN Group of Institutions” 13 dan ortiq oliy oʻquv yurtini oʻzida jamlagan tashkilot boʻlib, asosan tibbiy taʼlimga ixtisoslashgan. Bu tashkilotga qarashli 5 nufuzli klinika samarali faoliyat yuritib kelmoqda. Hamkorlik doirasida soha rivoji yoʻlida mavjud salohiyatlardan samarali foydalanish, yangi tadqiqotlarni hayotga jalb etish borasida ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Kerala shtatida joylashgan “Ayurverik davolash markazi”da Hindistonning noanʼanaviy davolash usullari va ushbu maqsadda qoʻllanadigan dorivor oʻsimliklar, ularning turlari bilan tanishdik. Oliy taʼlim sohasidagi xorijiy tajribani oʻrganish va hamkorlik qilish maqsadida Maharashtra shtatining Puna shahrida joylashgan “Dr.D.Y.Patil University”da boʻldik. Universitetda kasalliklar diagnostikasi va yuqori texnologik operatsiyalar yordamida davolash usullari, “Ayurverik davolash markazi” ish faoliyati hamda talabalarning oʻquv jarayonida ishtirok etdik. Universitet bilan yuqori texnologik davolash usullari boʻyicha Andijon davlat tibbiyot instituti mutaxassislari malakasini oshirish, bu yoʻnalishda qoʻshma taʼlim dasturi ochish boʻyicha kelishuvlarga erishdik.
Puna shahridagi “MIT Art Design and Technology University” bilan tibbiy bioinjenering yoʻnalishi sohasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, Savitribai Phul Puna universiteti xalqaro markazi oʻquv-ilmiy salohiyati, moddiy-texnik bazasi bilan yaqindan tanishib, tajriba almashdik. Bu yerda ikkita muhim yoʻnalish: tibbiy injiniring va ayurverdik tibbiyot boʻyicha hamkorlik qilishga oid memorandum imzolandi.
Bir guruh vakillarimiz “Tibbiyotda innovatsion simulyatsion taʼlim” loyihasi doirasida Janubiy Koreya Milliy transport universitetida malaka oshirib qaytdi.
Chondju shahrida xalq tabobatida keng qoʻllanilayotgan jenshen plantatsiyalarida va “Koreya jenshen eksport” kompaniyasining ishlash tartibi, kelgusidagi hamkorlik aloqalarni yanada mustahkamlash yuzasidan istiqbolli rejalar tuzildi. Delegatsiya aʼzolari birlamchi yordam taʼlimi yoʻnalishi boʻyicha amaliy mashgʻulotlarda ishtirok etib, sertifikat oldi.
Mazkur safar doirasida erishilgan eng katta yutuqlardan biri – Janubiy Koreya Respublikasining nufuzli Gangnam-gu tumanida Andijon davlat tibbiyot institutining rasmiy ofisi ochildi. Bugungi kunda oliygohimizda 30 nafardan ortiq koreyalik yoshlar tahsil olmoqda. Hamkorlik doirasida amalga oshirilgan istiqbolli loyihalar ular safini yanada kengaytirish imkoniyatini beradi.
Institutimizda bir maqsadga qaratilgan hamkorlik aloqalarini har jihatdan kengaytirish, oʻqituvchi va talaba yoshlar ilmiy faoliyati uchun zarur sharoit yaratib berilgan. Keyingi yillarda taʼlim sifati va samaradorligi uchun muhim boʻlgan moddiy-texnik bazani rivojlantirish, nazariy bilimlarni amaliyot bilan mustahkamlash imkoniyatini bergan zamonaviy taʼlim texnologiyalari oʻquv amaliyotiga tatbiq etilmoqda. Professor-oʻqituvchilar ish samaradorligini oshirish, maʼruzalar sifati va oʻquv jarayonida innovatsion texnologiyalarni qoʻllash maqsadida maʼruza zali 5 ta elektron minbar, LCD monitorlar bilan jihozlandi. 2022-yilning oʻzida eng zamonaviy 120 ta kompyuter va 25 ta multimedia qurilmasi sotib olindi. Axborot-resurs markazimizning adti.uz elektron kutubxona tizimida darslik va oʻquv qoʻllanmalari, Prezident asarlari, tibbiyotga oid jurnallar, badiiy kitoblarga alohida oʻrin ajratilgan. Professor-oʻqituvchilar uchun oʻquv-adabiyot boʻlimlari mavjud. Kitoblarni koʻchirib olishda QR kod tizimi shakllantirilgan. Markazning @foydalitibbiyotbot rasmiy Telegram-boti ishga tushirildi. Talabalar va xodimlarga qulaylik yaratish maqsadida 25 ta zamonaviy monoblok joylashtirildi.
2018-yilda “ROSSOMED” va “Viriumed” kompaniyalari bilan hamkorlikda 500 nafar talaba qamroviga ega simulyatsion oʻquv markazi tashkil etildi. Bu yerda jarrohlik, endojarrohlik, terapiya, pediatriya-neonatologiya, reanimatsiya, ginekologiya, LOR, oftolmologiya, oliy hamshiralik, terapevtik stomatologiya va jarrohlik stomatologiyasi singari 12 turdagi mutaxassis tayyorlanmoqda.
Iqtidorli talabalarning tibbiyot sohasida ilmiy tadqiqotlari haqidagi maqolalari respublika va xalqaro miqyosdagi ilmiy jurnallarda chop etib kelinmoqda. Besh nafar talabamiz Prezident va nufuzli davlat stipendiatlari sohibi boʻldi. Shohabbos Salomov “Yil talabasi-2022” respublika koʻrik-tanlovi final bosqichida “Oʻz mutaxassisligi boʻyicha yilning eng yaxshi talabasi” nominatsiyasida gʻolib deb topildi. Talabalarning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil qilish maqsadida 45 dan ortiq fan, 14 ta sport, 2 ta madaniy toʻgarakka 3000 dan ortiq yosh qamrab olingan.
Madamin MADAZIMOV,
Andijon davlat tibbiyot instituti rektori, professor