Qarorga muvofiq, 2020/2021 oʻquv yilidan boshlab:
- Toshkent davlat agrar universitetining Andijon filiali negizida Andijon qishloq xoʻjaligi va agrotexnologiyalar instituti tashkil etiladi;
- Qishloq xoʻjaligi vazirligi tasarrufiga oʻtkazilgan qishloq xoʻjaligi kasb-hunar kollejlari negizida oliy maktablar oʻrniga agrotexnologiyalar texnikumlari tashkil etiladi.
Shu bilan birga mazkur qarorga koʻra, texnikumlarni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilar yakka tartibdagi suhbat asosida kirish imtihonlarisiz qishloq xoʻjaligi OTMlarining mos bakalavriat yoʻnalishlarida 2-bosqichdan oʻqishini davom ettirish huquqiga ega boʻladi.
Shuningdek:
- 2020/2021-yil oʻquv yilidan boshlab Toshkent davlat agrar universiteti qoshida respublika OTMlarining iqtidorli talabalari tarkibidan tanlab olingan yoshlar uchun “Oʻzbekistonda qishloq xoʻjaligini innovatsion rivojlantirish va uni raqamli transformatsiyalash” loyihasini amalga oshirish doirasida maxsus fakultet tashkil etiladi;
- Toshkent davlat agrar universiteti va Andijon qishloq xoʻjaligi va agrotexnologiyalar institutida qishloq xoʻjaligini raqamlashtirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari masalalari hamda professional taʼlim muassasalari bilan ishlash boʻyicha prorektor lavozimi joriy etiladi;
Xorijiy tillarni yaxshi oʻzlashtirgan professor-oʻqituvchilarning oylik maoshlariga 10 foiz ustama belgilanadi (xorijiy tillar boʻyicha professor-oʻqituvchilar bundan mustasno).