Andijon shahrini viloyatning 8 ta hududi bilan bogʻlovchi jamoat transporti mavjud emasligi oqibatida kuniga 80 ming aholi viloyat markaziga 20 mingga yaqin yengil transportda kelishga majbur.
Tigʻiz paytda Andijon shahridagi tirbandlik 7-8 ballga chiqib ketmoqda. Vaholanki, 1 ta kichik avtobus kuniga kamida 400 nafar aholiga xizmat koʻrsatib, 25 ta yengil mashinani oʻrnini bosadi.
Mutasaddilarga tadbirkorlar bilan uchrashib, yangi marshrutlar va viloyat sharoitiga mos avtobus rusumlarini aniqlab, taklif berish topshirildi.
Davlatimiz rahbari Andijon shahri boʻyicha muhim bir tashabbusni aytdi. Shahar markazida “Andijon turmasi” nomi bilan tanilgan 3-son tergov hibsxonasi joylashgan. Kundan-kunga shahar koʻrkiga koʻrk qoʻshilib turgan vaqtda 100-yil oldin qurilgan bunday “sovuq” binoning markazda boʻlishi notoʻgʻri ekani qayd etildi.
Shu bois bu obyekt shahar chekkasiga koʻchirilishi, oʻrnida zamonaviy koʻngilochar savdo va servis markazi barpo etilishi belgilandi.