Andijon shahridagi Zahiriddin Muhammad Bobur yodgorligi oʻrnatilgan maydon oʻrnida zamonaviy biznes markaz quriladi.
Bu haqda viloyat hokimligi axborot xizmati maʼlum qildi.
Qayd etilishicha, ayni kunlarda viloyat markazidagi “Bobur” shoh koʻchasida joylashgan chorrahada yoʻl oʻtkazgich qurilyapti. Shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur xotirasiga atab, barpo etilgan maydon yangi qurilayotgan koʻprik yaqinida joylashgan.
Loyiha qurilishi yakunlangach, ushbu maydon anchayin yopiq koʻrinishga kelib, maydonning bir qismi koʻprik ostida qolib ketadi.
«Ilmiy kengash vakillari, Boburshunoslar hamda Andijon oqsoqollari boshchiligida ushbu mavzu muhokama etilib, kerakli xulosaga kelindi.
Unga koʻra, ulugʻ bobokalonimiz va buyuk shoir xotirasini eʼzozlash maqsadida unga atab oʻrnatilgan mahobatli haykal, shoh Boburning oʻzi tugʻilib oʻsgan “Eski shahar” hududidagi oʻzbek tarixini oʻzida aks ettirgan “Registon” maydoniga koʻchirilib, maydonni oʻziga xos qoʻshimchalar bilan boyitish va yangi, koʻrkam maydon barpo etishga kelishilgan. Hozirda bu rejani amalga oshirish uchun katta tayyorgarliklar koʻrilmoqda«, deyiladi xabarda.
Avvalgi maydon oʻrnida esa aholimiz uchun “Savdo Mall” majmuasi, koʻngilochar markazlar, ofislar va aholimizga xizmat koʻrsatishga moʻljallangan boshqa turdagi zamonaviy binolar barpo etish loyihasi taklif etilgan.
Maʼlumot uchun, ushbu maydon oʻrnida turar joylar qurish rejasi mavjud emas, tarmoqlarda kuzatilgan turar joy qurilishi haqidagi maʼlumotlar tasdiqlanmaydi.