Respublika maxsus komissiyasi qaroriga asosan respublikamizda 10-iyuldan 1-avgustga qadar karantin choralari kuchaytirilishi munosabati bilan joylardagi sanitariya-epidemiologiya vaziyati yuzasidan Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmanov aholiga murojaat qilgan edi.
Press-konferensiya shaklidagi murojaatda viloyat aholisiga katta ishonch, tibbiyot xodimlari mehnatiga yuqori baho berar ekan, viloyat hokimi ishni samarali tashkil etish uchun barcha imkoniyatlar yaratib berishini taʼkidlagan edi.
Shunga koʻra “Tez tibbiy yordam” xizmati uchun 16 ta “Damas” avtomashinalari keltirildi.
Avtomashinalarni topshirish marosimida Sh.Abdurahmonov eng qaynoq nuqtada infeksiya bilan kurashayotganlarga yana bir borminnnatdorlik bildirib, ularni aholi salomatligi yoʻlida astoydil mehnat qilishga chaqirdi.
Haydovchilar, hamshiralar va vrachlar bilan suhbat asosida ularning tashvishlari bilan qiziqdi. Yakunda viloyat rahbari boʻlim xodimlarini qoʻshimcha ravishda ragʻbatlantirish, mukofot pullari berish, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, oziq-ovqat taʼminotini yaxshilash boʻyicha mutasaddilarga qator topshiriqlar berdi.
-“Damas”larni beshtasi kuniga 500 ta chaqiriq qayd etiladigan boʻlimimizda qoldiriladi, - deydi Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazi viloyat filiali direktori Doniyorbek Boʻriboyev. – yana beshtasi Ulugʻnor, Shahrixon, Izboskan, Qoʻrgʻontepa tumanlari va Qorasuv shahriga beriladi. Oltita avtomashina esa Tez tibbiy yordam Asaka tumani boʻlimiga taqdim etilmoqda. Umuman olganda oʻsha matbuot konferensiyasida aytilganidek, viloyat hokimi barcha moddiy va moliyaviy koʻmakni koʻrsatdi. Bularning natijasida faoliyatimiz samaradorligi ortadi.
Rustamjon ESHONOV.
Muallif olgan suratlar.