30 yildan buyon rus tili va adabiyoti fanidan oʻquvchilarga saboq berib kelayotgan ijodkor pedagog taʼlim jarayoniga koʻplab yangiliklarni joriy etib, oʻgʻil-qizlarni ragʻbatlantirish yoʻli bilan ularning qiziqishini fanga oshirib kelmoqda.

Yorqinoy Mamatisaqova oʻz ustida ishlab, tinimsiz izlanishi jarayonida xorijlik pedagoglar tomonidan yoʻlga qoʻyilgan yaxshi tajribadan xabar topdi. Bu tajribani oʻzi taʼlim beradigan 10-"B" sinfida oʻtkazib koʻrishni oʻz oldiga maqsad qilib qoʻydi.

Fidoyi pedagog 1-chorak yakuni boʻyicha 4 nafar aʼlochi oʻquvchini aniqlab, ularga sinf rahbarligi uchun toʻlanayotgan maoshidan "Ustoz stipendiyasi" berishni yoʻlga qoʻydi. Yana 12 nafar aʼlochi oʻquvchilarini taqdirlab, kelgusida boshqa oʻquvchilarning ham yaxshi oʻqishi uchun motivatsiya bera boshladi.

— II chorakdan stipendiya olish uchun koʻp oʻquvchilarim harakat qilmoqchi. Bir oyda sinf rahbarlik uchun oladigan maoshim oʻquvilarimga ketsa ham ularni ragʻbatlantirishdan zavqlanaman. Boisi, bu stipendiyani joriy qilganimdan soʻng oʻquvchilarimning ota-onasi qoʻngʻiroq qilib, rahmat aytishdi. Farzandi uyga pul solingan konvertni ochmay olib borib, ota-onasiga berganini quvonch bilan gapirishdi. Oila davrasida ochilgan konvertni uy toʻriga qoʻyib qoʻyishibdi. Oʻquvchilarim koʻzidagi quvonch menga u olayotgan maoshimdan koʻra koʻproq huzur berdi.

Sinfda tarbiyasi ogʻir oʻquvchilari koʻp boʻlgani uchun har bir oʻgʻil-qiz qiziqishini aniqlab olib, jamoaviy oʻyinlar tashkil etadi. Natijada, tarbiyasi ogʻir oʻquvchilar ham ustozi bilan yaqin munosabatda boʻlib, sinfda taʼlim sifati oshishiga erishiladi.