Bu haqda "Dunyo" Axborot agentligi xabar berdi.
Shu yilning 15-22-iyul kunlari dunyoning 62 davlatidan 14 yoshdan 17 yoshgacha boʻlgan 100 dan ortiq oʻquvchilari ishtirokida oʻtkazilgan nemis tili boʻyicha xalqaro musobaqada Andijon shahridagi 23-maktab oʻquvchisi Rayyona Ibrohimova barcha bosqichlardan muvaffaqiyatli oʻtib, tegishli daraja boʻyicha birinchi oʻrinni qoʻlga kiritdi.
"Biz bilan birga boʻling! Bilim olib kelajakni yarating" shiori ostida oʻtkazilgan bellashuvlarda yurtdoshimiz bilan birgalikda Mahek Xon (Bangladesh) va Ana Kotevskalar (Shimoliy Makedoniya) ham tegishli til darajalarda olimpiada gʻoliblari boʻlishdi.
Xalqaro musobaqada nafaqat oʻquvchining nemis tili boʻyicha bilimlari, balki madaniyatlararo kompetensiyasi, jamoada ishlay olish hamda ijodkorlik qobiliyatlari baholandi.
Taʼkidlash joizki, Butunjahon nemis tili olimpiadasi (IDO) har ikki yilda Gyote-Institut tomonidan Xalqaro nemis tili oʻqituvchilari assotsiatsiyasi bilan birgalikda tashkil etiladi.
IDO-2024 Gyottingen shahri oberburgomistri Petra Broystedt homiyligi ostida Gyottingen universiteti Bilimlar muzeyi hamda Bilimlar forumi bilan uzviy hamkorlikda oʻtkazildi.
Oʻquvchilarga oʻz mamlakatlaridan eng mahoratli nemis tili oʻqituvchilari hamrohlik qildi. Olimpiada kunlari oʻqituvchilar uchun nemis tilini xorijiy til sifatida oʻqitish sohasidagi eng yangi pedagogik texnologiyalar boʻyicha malaka oshirish seminarlari tashkil etildi.
Butunjahon nemis tili olimpiadasi birinchi marotaba 2008-yilda Drezden shahrida oʻtkazilgan. Olimpiada har ikki yilda Germaniyada Gyote-Instituti joylashgan shaharlarda tashkil etiladi. Ushbu bilimlar bellashuviga hozirgacha Berlin, Gamburg, Frankfurt-Mayn va Frayburg shaharlari mezbonlik qilgan.