Sirdaryo viloyat aholisi tibbiy xatlovdan oʻtkazilib, xavf guruhlariga ajratildi. Ularni elektron xaritalari yaratildi. Tizimni raqamlashtirish, tibbiy klaster tizimini ishga tushirish ishi boshlab yuborildi.

Bundan tashqari viloyatdagi birlamchi tibbiy sanitariya yordami muassasalari va u yerda ishlayotgan xodimlar malakasini oshirish, qayta oʻqitish borasida ibratli ishlar amalga oshirilyapti. Bugun ushbu olib borilayotgan ishlar bilan tanishish maqsadida Andijon viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi tibbiyot xodimlaridan iborat ishchi guruh Sirdaryo viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasiga tashrif buyurdi.

Ularga Sirdaryo viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi boshligʻi, tibbiyot fanlar doktori Rustam Yuldashev sohada amalga oshirilayotgan, davlat tibbiy sugʻurta mexanizmini yoʻlga qoʻyish borasida olib borilayotgan ishlar, viloyatda tashkil etilishi koʻzda tutilgan “Guliston tibbiyot klasteri” imkoniyatlari, aholini xatlovdan oʻtkazish natijalari, elektron poliklinika qulayliklar toʻgʻrisida soʻzlab berdi.

Andijonlik shifokorlar Sirdaryolik tibbiyot xodimlar hamrohligida Guliston shahridagi tibbiyot muassasalarda boʻldi. Oilaviy shifokor, oʻrta tibbiyot xodimlardan iborat terapiya va pediatriya yoʻnalishi boʻyicha yordamchilar, patronaj hamshiralar va doyalardan tashkil topgan tibbiyot brigadalar faoliyati, tibbiyot tizimida tashkil etilayotgan yoʻllanmalar berish tizimi, viloyat, tuman koʻchalarini kodlashtirish, aholiga davlat tomonidan bepul tibbiy xizmatlar koʻrsatish va dori vositalari paketini ishlab chiqarish mexanizmlari va uni amaliyotga tatbiq etish yoʻllari bilan tanishtirildi.

Bir soʻz bilan aytganda, Andijonlik tibbiyot xodimlar Sirdaryoda bajarilgan va bajarilishi lozim boʻlgan ishlar bilan tanishish asnosida tajriba orttirdi, deb xabar beradi Sirdaryo viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi matbuot xizmati.