Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasining Qashqadaryo va Andijon hududiy boshqarmalari, Yoshlar ishlari agentligining Qashqadaryo va Andijon viloyatlari boshqarmalari hamkorligida sayohatga chiqqan Andijonlik yoshlarning dastlabki manzili Shahrisabz shahri boʻldi.

Shahrisabzdagi Amir Temur xiyoboni va hunardmandchilik majmualari, maqom muzeyi Andijon yoshlarida katta taasurot qoldirdi. Navqiron avlod vakillari bu yerda ajoyib eksponatlar, qadimgi musiqa asboblari, oʻzbek maqomchiligi bilan bogʻliq muhim maʼlumotlarga ega boʻldi.

Shundan soʻng, yosh sayyohlar Amir Temur muzeyi bilan ham yaqindan tanishdi. Buyuk Sohibqironning tugʻilgan davridan vafot etgan paytiga qadar bosib oʻtgan yoʻli, davlat va jamoat ishlaridagi ishtiroki, amalga oshirgan bunyodkorlik ishlari, muzeydagi buyuk davlat arbobi bilan bogʻliq yangiliklar vodiylik yoshlarda qiziqish uygʻotdi.

Yosh sayohatchilarning navbatdagi manzili Yakkabogʻ tumanidagi “Qorabayr” otchilik majmuasi boʻldi. 2018-yilda Prezidentimiz tashabbusi asosida tashkil etilgan majmuada 300 ga yaqin otlar parvarishlanmoqda.

— Asosiy maqsad qorabayr zotli otlarning yoʻqolib ketishiga yoʻl qoʻymaslik, qaytanga ularning sonini koʻpaytirish, — deydi majmuaning otchilik tarmogʻi boshligʻi Uchqun Botirov. — Qariyb besh gektardan ortiq maydonni tashkil etadigan majmuada yaqin yillar ichida otlarning sonini 700 boshdan oshirish koʻzda tutilgan.

Yoshlar majmua faoliyati bilan yaqindan tanishar ekan, oʻzlarini qiziqtirgan qator savollarga javob olishdi.

Shunday qilib, Andijonlik yoshlar Shahrisabz shahrida kechgan birinchi kun taasurotlarini gulxan atrofidagi koʻtarinki kayfiyat bilan yakunlashdi. Vatanni tarannum etuvchi qoʻshiqlar qalblarga iliqlik uygʻotgan boʻlsa, aytilgan shoʻx navolar esa davrani oʻyin-kulgular bilan boyitdi.

— Men Qashqadaryodagi sayohat bunchalik taasurotlarga boy boʻlishini kutmagandim, — deydi 23 yoshli Sarvar Sharipov. — Birinchi kundan Shahrisabzning boy tarixi va shaharning oʻziga xosligi eʼtiborimni tortdi. Odamlarining mehmondoʻstligi esa meni lol qoldirdi.

“Bahorgi turistik mavsum boshlandi: Sayohatga marhamat” loyihasi doirasidagi ekskursiyaning ikkinchi kunida esa Andijonlik yoshlar Qarshi shahrining diqqatga sazovor maskanlarida boʻlishi koʻzda tutilgan.