Viloyatning suv oqimi yuqori boʻlgan ariq va kanallarida kichik va mikro GESlar qurish imkoniyati bor — Prezident

    Siyosat 16 Aprel 2025 595

    Izboskan tumanida tadbirkor 10 million dollar investitsiya hisobiga quvvati 3,2 megavattli kichik GES qurgan. GES yiliga 8 million kilovatt-soat elektr beradi. Bu Izboskan aholisi isteʼmolining 20 foizi degani.

    Prezident bu namunali loyihani maʼqullab, viloyatning suv oqimi yuqori boʻlgan ariq va kanallarida 75 megavatt quvvatga ega kichik va mikro GESlar qurish imkoniyati borligini aytdi.

    Andijondagi bunday loyihalarga 40 million dollar ajratilishi belgilandi. Bu mablagʻlar tadbirkorlarga 3-yil imtiyozli davr bilan 7-yilga 12 foiz stavkada beriladi.

    Mahalliy komponentni rivojlantirish uchun avgust oyida xitoylik investorlar bilan mikro GES agregatlarini ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi. Eʼtiborli jihati, bu investor qurilgan GESlarga 1-yil bepul servis koʻrsatadi, keyingi 9-yilda kafolatli pulli xizmatni yoʻlga qoʻyadi.

    Viloyat hokimligiga bu yil quvvati 24 megavatt, keyingi yil yana 20 megavatt boʻlgan jami 763 ta kichik va mikro GESlarni ishga tushirish choralarini koʻrish topshirildi. Bu loyihalar ishga tushsa, 38 ming xonadon uzluksiz elektr bilan taʼminlanadi, viloyatning elektr importi 10 foizga qisqaradi.