Maʼlum qilinishicha, Andijon devzira oshi asrlar davomida shakllangan oshpazlik anʼanalari, o‘ziga xos tayyorlanish uslubi va betakror taʼmi bilan ajralib turadigan milliy taomlardan biri hisoblanadi. U asosan Farg‘ona vodiysida yetishtiriladigan mashhur devzira guruchi asosida tayyorlanadi.

Devzira guruchi qizg‘ish tusli, zich va sifatli donalari bilan mashhur bo‘lib, oshga o‘ziga xos taʼm, xushbo‘ylik va dona-dona ko‘rinish bag‘ishlaydi.

Adliya vazirligiga ko‘ra, geografik ko‘rsatkich maqomining berilishi “Andijon devzira oshi” nomi hamda uning anʼanaviy tayyorlash texnologiyasini huquqiy jihatdan muhofaza qilish, mahsulotning o‘ziga xosligini saqlash va sifat kafolatlarini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Shuningdek, mazkur maqom Andijon viloyatining gastronomik salohiyatini namoyon etish, milliy brendlarni rivojlantirish, turizmni qo‘llab-quvvatlash hamda o‘zbek oshpazlik madaniyatini xalqaro maydonda targ‘ib qilish uchun muhim ahamiyatga ega ekani taʼkidlanmoqda.

Mutaxassislar fikricha, Andijon devzira oshi nafaqat milliy taom, balki xalqimizning mehmondo‘stligi, qadriyatlari va boy madaniy merosining yorqin timsolidir.

Maʼlumot uchun, geografik ko‘rsatkich — mahsulotning muayyan hudud bilan bog‘liqligini hamda uning sifati va obro‘-eʼtibori aynan shu hududning tabiiy va ijtimoiy omillari bilan chambarchas bog‘liq ekanini tasdiqlovchi intellektual mulk obyekti hisoblanadi.