Maʼlum qilinishicha, Bosh prokuraturaning shaxsiy xavfsizlik boshqarmasi, Andijon viloyati Departamentning Oltinkoʻl tumani boʻlimi hamda boshqa idoralar xodimlari hamkorligida maxsus operatsiya oʻtkazilgan.
Unga koʻra, Oltinkoʻl tumanidagi 2-son kasb-hunar maktabi direktori X.E. ariza bilan murojaat qilib, oʻzini prokuratura organlarida ishlovchi sifatida tanishtirgan shaxslar orqali haydovchilik guvohnomasiga oʻqitish markazi ochish uchun ruxsatnoma olib berishni vaʼda qilgan shaxslar 10 ming AQSH dollari talab qilganini bildirgan.
Tezkor tadbir davomida gumonlanuvchi O.M. talab qilingan puldan 4 ming AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Keyingi bosqichda esa fuqaro A.Yu. ham mazkur mablagʻni qabul qilib olayotgan vaqtida qoʻlga olingan.
Oʻrganishlar davomida A.Yu. davlat idoralarida, jumladan, prokuratura organlarida ishlamasligi, pullarni aldov yoʻli bilan olib, shaxsiy ehtiyojlari uchun sarflashni rejalashtirgani maʼlum boʻldi.
Mazkur holat yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) hamda Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 211-moddasi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Hurmatli fuqarolar, oʻzini turli davlat organlari xodimi sifatida tanishtirib, xizmatlar evaziga pul talab qiluvchi shaxslarga ishonmaslik soʻraladi. Bunday holatlarga duch kelganda Bosh prokuraturaning “1161” ishonch telefoniga murojaat qilish mumkin. Shaxsiy maʼlumotlar maxfiyligi kafolatlanadi.