Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti maʼlum qilishicha, tergovga qadar tekshiruv davomida fuqaro Yo.Q. va boshqalar oʻzaro til biriktirib, 5 ta masʼuliyati cheklangan jamiyat nomidan noqonuniy sxemani amalga oshirgan.

Aniqlanishicha, ular boshqa korxonalar tomonidan goʻyoki 2,2 trillion soʻmlik mahsulot yetkazib berilgani haqida soxta elektron hisob-fakturalar rasmiylashtirgan. Shuningdek, savdodan tushgan mablagʻlar nazorat-kassa mashinalari orqali kirim qilingani va mahsulotlar fuqarolarga sotilgani haqida xarid chekları shakllantirilgan.

Ushbu soxta maʼlumotlar asosida 94 ming 921 nafar fuqaro va ijtimoiy himoya reyestriga kiritilgan shaxslarga «Soliq Mobile» ilovasi orqali «keshbеk» toʻlovlari rasmiylashtirilib, jami 38,3 milliard soʻm byudjet mablagʻi oʻzlashtirish va rastrata qilish yoʻli bilan talon-toroj qilingani maʼlum boʻlgan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (oʻzlashtirish yoki rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilish) hamda 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni qalbakilashtirish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

Hozirda ish boʻyicha tergov harakatlari davom etmoqda.