Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar qildi.

Ma’lum qilinishicha, giyohvandlik vositalari va kuchli ta’sir qiluvchi moddalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish doirasida DXX va bojxona organlari xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan.

Tadbir davomida Marhamat tumani markazidagi savdo majmuasida 1991 yilda tug‘ilgan fuqaro shartli xaridorga 900 dona “Keto coffee mix” mahsulotini 6 million so‘mga sotgan vaqtida ashyoiy dalillar bilan ushlangan.

Surishtiruv jarayonida ushbu mahsulot Andijon shahridagi “Jahon savdo kompleksi”da joylashgan do‘kondan olingani aniqlanib, tezkor tadbir davom ettirilgan.

Natijada Andijon shahrida yashovchi 1987 yilda tug‘ilgan fuqaroga tegishli do‘kondan qo‘shimcha ravishda 480 dona “Keto coffee mix” mahsuloti olingan.

Qayd etilishicha, ashyoiy dalil sifatida musodara qilingan jami 11 kilogramm “Keto coffee mix” mahsuloti tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi “sibutramin” moddasi borligi ma’lum bo‘lgan. Ushbu moddaning O‘zbekiston hududida muomalasi taqiqlangan.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov harakatlari olib borilmoqda.