Yevropa standartlari asosida yosh futbolchilarni tayyorlashga ixtisoslashgan ushbu loyiha Oʻzbekistonda mahoratli futbolchilar tayyorlash tizimiga hissa qoʻshadi.
Maktabning Toshkentdagi filiali ijrochi direktori Shuhrat Ernazarov boshchiligidagi angliyalik futbol murabbiylari Jizzax davlat pedagogika institutida boʻldi.
Tadbirda mehmonlar avval milliy sport oʻyinlari koʻrgazmasida ishtirok etdi. Shundan soʻng yosh futbolchilar va angliyalik murabbiy ishtirokida mahorat darslari boʻlib oʻtdi.
Jizzax davlat pedagogika instituti rahbariyati bilan boʻlib oʻtgan suhbatda angliyalik mutaxassislar Oʻzbekistondagi futbol mahorat maktablarini yangi bosqichga koʻtarish, iqtidorli yosh futbolchilarni tanlash va saralab olish tizimini yanada rivojlantirish, hamkorlik oʻrnatish boʻyicha oʻz takliflarini bildirdi.
Mahorat darslari soʻngida mehmonlar eng faol yosh futbolchilarga akademiya logotipi tushirilgan sport kiyimlarini taqdim etdi. Oʻz navbatida, xorijlik mehmonlarga ham esdalik sovgʻalar topshirildi, deyiladi institut axborot xizmati xabarida.