Sudya Jeyms Xolmenning 2020-yil 23-iyuldagi qarori texnik sabablarga asoslanadi va Oʻzbekistonda majburiy mehnat mavjudligi borasida biror bir ajrimni nazarda tutmaydi. Buning oʻrniga Germaniyada joylashgan nohukumat tashkilot tomonidan Buyuk Britaniya hukumatiga qarshi kiritilgan daʼvoni sud muayyan huquqiy asoslarga koʻra, jumladan, daʼvogarda yetarlicha asoslar mavjud emasligi, daʼvoning akademik va eskirgan xarakterga egaligi bois rad etdi.
Daʼvogarga 10 000 funt sterling miqdorida sud xarajatlarini toʻlash majburiyati yuklandi va daʼvogar mazkur qaror ustidan shikoyat qilmadi.
Paxta mahsulotlarini ishlab chiqarishga masʼul boʻlgan “Oʻzpaxtasanoat” AJ sud ishiga Manfaatdor tomon sifatida qoʻshildi va daʼvoning mazmuni boʻyicha yozma materiallar taqdim etdi.
“Oʻzpaxtasanoat” AJ vakili quyidagilarni maʼlum qildi: “Angliya sudi daʼvoni rad etganidan mamnunmiz. Ushbu qaror texnik sabablarga asoslangan boʻlsada, Oʻzbekiston jamiyat hayotining barcha jabhalarida ijobiy oʻzgarishlarni amalga oshirmoqda va ilgʻor tajribalarni barcha sohalarga tatbiq qilishga harakat qilmoqda. Iqtisodiyotimiz izchil oʻsish koʻrsatkichlarini qayd etmoqda va xorijiy investitsiyalar oqimining ortishi kuzatilmoqda, ushbu qaror esa xalqimizning hayot darajasini qoʻllab-quvvatlash va Oʻzbekistonda toʻqimachilik mahsulotlarini masʼuliyat bilan ishlab chiqarishga hissa qoʻshayotgan millionlab fermer va mehnatkashlarning daromadini saqlab qolishga yordam beradi.
Oʻzbekiston hukumati nafaqat majburiy mehnatni batamom tugatishga bel bogʻlagan, balki ushbu illat qonun bilan taʼqiqlanib, unga nisbatan jinoiy javobgarlik belgilangan. Shu kabi qonunbuzarlik uchun qatʼiy javobgarlik, jumladan ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq jazo belgilangan. Mamlakatimizda ushbu salbiy amaliyotning barcha koʻrinishlarini barataraf qilish uchun targʻibot ishlari olib borilmoqda va shu kabi huquqbuzarliklarni aniqlash uchun ishonch telefonlari tashkil etilgan. Hozirda oʻzbek tomoni xalqaro kuzatuvchilar bilan masʼuliyatli yetkazib berish haqida shartnoma loyihasi ustida ishlamoqda, ushbu bitimlar kelajakda oʻzbek paxtasi har qanday koʻrinishdagi majburiy mehnat unsurlaridan holi tarzda ishlab chiqarilishining kafolatlarini mustahkamlaydi”.