Bu haqda Chiqindilarni boshqarish agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, “Bahor” MFY hududida chiqindilarni yoqish orqali elektr energiyasi ishlab chiqarishga ixtisoslashgan zamonaviy zavod qurilishi rasman boshlandi.
Ushbu investitsiya loyihasi Xitoy Xalq Respublikasining “CHSET” kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. Loyihaning umumiy qiymati 150 million AQSH dollarini tashkil etib, u toʻliq toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar hisobiga moliyalashtirilmoqda. Mazkur yuqori texnologiyali majmua ishga tushgach, yiliga 438 ming tonna qattiq maishiy chiqindilarni qayta ishlash quvvatiga ega boʻladi. Natijada hududda yiliga 75 million kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarilishi yoʻlga qoʻyiladi.
Shuningdek, mazkur sanoat obyekti nafaqat ekologik muammolarni hal etish, balki aholi bandligini taʼminlashga ham xizmat qiladi. Zavod toʻliq quvvat bilan faoliyat boshlashi natijasida qoʻshimcha 150 ta yangi ish oʻrni yaratilishi rejalashtirilgan. Bugungi tadbir viloyatda chiqindilarni boshqarishning mutlaqo yangi, zamonaviy tizimini tashkil etishda muhim qadam boʻldi.