Angren issiqlik elektr stansiyasida umumiy quvvati 600 MVt boʻlgan 2 ta yangi energoblok quriladi

    Energetika 24 Yanvar 2022 2348

    Angren issiqlik elektr stansiyasi Angren shahri va uning atrofidagi aholi isteʼmolchilarini, shuningdek, barcha ijtimoiy soha obyektlarini elektr va issiqlik energiyasi bilan taʼminlashda muhim ahamiyatga ega hisoblanadi.

    Energetika vazirligi Axborot xizmati xabar berishicha, stansiya tomonidan yiliga 1 mlrd 300 mln kVt.soat elektr energiyasi hamda 420 ming Gkal issiqlik energiyasi ishlab chiqariladi.

    Ushbu ishlab chiqarilgan elektr va issiqlik energiyasi Angren shahri va uning atrofidagi hududlarning elektr energiyasiga boʻlgan talabini 100 foiz qoplaydi.

    Maʼlumki, mamlakatimiz elektr energetika sohasida ishlab chiqarish quvvatlarini rivojlantirish maqsadida zamonaviy energiya samarador texnologiyalarni joriy etish choralari koʻrilmoqda.

    Xususan, Angren IESda har birining quvvati 300 megavattdan boʻlgan 2 ta koʻmir yoqilgʻisida ishlaydigan yangi, zamonaviy energobloklar qurilishi rejalashtirilgan boʻlib, ular 2024-2025-yillarda ishga tushiriladi.