Davlatimiz rahbari tomonidan kelgusi yil yakuniga qadar markazlar orqali ko'rsatiladigan davlat xizmatlari sonini hozirgi 172 tadan 300 taga, mobil ilova orqali ko'rsatiladiganlarini 60 tadan 250 taga yetkazish vazifasini qo'yildi.
Angren shahar Davlat xizmatlari markazi tomonidan joriy yilning o'tgan uch oyi mobaynida jismoniy va yuridik shaxslarga jami 25 mingga yaqin davlat xizmatlari ko'rsatilib, shu jumladan 300 ta tadbirkorlik sub'yektlari davlat ro'yxatidan o'tkazildi. Ularning 105 tasini yuridik shaxs maqomiga ega bo'lmagan tadbirkorlik sub'yektlari tashkil etadi. Shuningdek, 3 ta xorijiy investitsiya ishtirokidagi (qo'shma va xorijiy) korxona davlat ro'yxatidan o'tkazildi.
Bugun davr shitob bilan o'zgarib bormoqda. Zamonga hamohang talablar ham shunga yarasha kuchaymoqda. Angren shahar Davlat xizmatlari markazi binosi eski va torligi, yetarli shart-sharoitlar yaratilmaganligi tufayli aholiga davlat xizmatlarini ko'rsatishda jiddiy muammolarga duch kelinar edi.
Kuni-kecha Toshkent viloyatida zamonaviy IT-kommunikatsiya texnologiyalari bilan jihozlangan Angren shahar Davlat xizmatlari markazining yangi binosi foydalanishga topshirildi.
Markaz binosi 700 kvadrat metr maydonga ega bo'lib, bir kunda 500-600 nafar murojaatchilarga xizmat ko'rsatish imkoniyati yaratilgan. Markazda elektron navbat tizimi, axborot kioskasi, o'z-o'ziga xizmat ko'rsatish, investorlar, hunarmandlar va salomatlik burchaklari, bolalar maydonchasi, hamda kichik kutubxona tashkil qilingan. Shuningdek, shahar FHDYO bo'limi ham shu binoga joylashtirilgan.
— Yangi markaz binosida aholiga xizmat ko'rsatish jarayoni va xizmat ko'rsatgan xodimlarni baholash imkoniyati ham yaratilgan, — deydi Angren shahar Davlat xizmatlari markazi direktori G'ayrat Ahmedov. — Bu esa fuqarolar bilan qayta aloqaning muhim usullaridan biri sifatida murojaatchilar uchun xizmat ko'rsatish sifatini yanada oshirishga ko'mak beradi. Shuningdek, markazda davlat xizmatlaridan foydalanishda barmoq izi skanerlari to'liq joriy etilgan bo'lib, ular yordamida elektron raqamli imzo kalitlarini tasdiqlash bilan bog'liq jarayonlar amalga oshiriladi.
Jismoniy imkoniyati cheklangan, turli sabablarga ko'ra nogiron bo'lib qolgan murojaatchilarga ham barcha sharoitlarni yaratish maqsadida nogironlik aravachasi orqali binoga kirish imkonini beruvchi pandus yo'laklari va maxsus xonalar mavjud.
Angren shahri vodiy viloyatlarini bog'lovchi chorrahada joylashgan. Yangi markaz binosi katta yo'l yoqasida bo'lib, shaharning 200 mingdan ortiq aholisiga va eksterritorial tamoyili asosida vodiy viloyatlari hamda respublikamizning barcha hududlaridan tashrif buyuradigan mehmonlarga ham xizmat ko'rsatadi.
Toshkent viloyatida 22 ta Davlat xizmatlari markazi mavjud bo'lib, shu kungacha ularning 16 tasi zamonaviy jihozlangan binolarga ega bo'ldi.
Adliya vazirligi huzuridagi
Davlat xizmatlari agentligi
Toshkent viloyat boshqarmasi matbuot xizmati