Bolalar ombudsmani holat yuzasidan rasmiy maʼlumot berdi. Holat yuzasidan 2025-yil 9-may kuni jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. Tergov jarayonlari ustidan Angren shahar prokuraturasi tomonidan qatʼiy nazorat oʻrnatilgan.

Mazkur holat Bolalar ombudsmani va Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan alohida nazoratga olingan. Mutasaddi tashkilotlar yaqindan hamkorlikda ish olib borib, jabrlanuvchining huquqiy manfaatlari himoyalanishini taʼminlashmoqda. Ombudsman oʻz vakolati doirasida tergovga oid barcha jarayonlarni monitoring qilib bormoqda.

Ijtimoiy himoya milliy agentligining hududiy «Inson« ijtimoiy xizmatlar markazi mutaxassislari tomonidan bolaning xavfsizligi va ruhiy holatini tiklash boʻyicha zaruriy choralar koʻrilmoqda. Jabrlanuvchiga psixologik yordam, ijtimoiy maslahatlar va tibbiy yoʻnaltirishlar berilgan. Mutaxassislar bola va uning yaqinlari bilan tizimli ravishda ishlamoqda.

Rasmiy maʼlumotlarga koʻra, hozirda jabrlanuvchi qizga bronxopnevmaniya va anemiya tashxisi qoʻyilgan boʻlib, u shifoxonada davolanmoqda. Holat yuzasidan qoʻshimcha axborotlar berilishi rejalashtirilgan. Davlat idoralari bolalarni zoʻravonlikdan himoya qilish borasida barcha chora-tadbirlarni koʻrishda davom etmoqda.