“Millar” dasturida xabar qilinishicha, bola onasi bilan Angren shahridagi mahallalarning birida ijarada yashab kelgan. Guvohlarning aytishicha, oʻsha kuni bola maktabdan qaytayotgan boʻlgan. Koʻchadagi daydi itlardan biri unga tashlangan. Oqibatda 8 yoshli bola ogʻir jarohat olib, halok boʻlgan.

Mazkur holat jamoatchilik tomonidan katta tashvish va qaygʻu bilan qabul qilinmoqda.

Hodisa yuzasidan tegishli tashkilotlar tomonidan tezkor oʻrganish ishlari olib borilmoqda, deya xabar bermoqda Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmati.

Maʼlum qilinishicha, shahar va viloyat hududida daydi hayvonlarni nazorat qilish, ularni tutish hamda belgilangan maxsus joylarda saqlash ishlari kuchaytirildi.

Oʻquvchiga hujum qilgan it Angren shahar obodonlashtirish boʻlimi huzuridagi daydi hayvonlarni tutish guruhi tomonidan ushlandi. Bu haqda tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, hayvon maxsus saqlash joyiga olib borildi.

Shuningdek, viloyat hokimligi masʼullari ishtirokida oʻtkazilgan shoshilinch yigʻilishda mutasaddi tashkilotlar — obodonlashtirish xizmati, veterinariya boʻlimi, sanitariya-epidemiologik osoyishtalik xizmati hamda boshqa idoralarga tezkor chora-tadbirlarni amalga oshirish boʻyicha topshiriqlar berildi.

Xususan, aholi xavfsizligini taʼminlash, daydi hayvonlarni tutish va zararsizlantirish hamda bu kabi holatlarning oldini olish boʻyicha tizimli ishlar olib borilayotgani taʼkidlandi.

Mazkur masala alohida nazoratga olingan boʻlib, jamoatchilik xavfsizligini taʼminlash boʻyicha barcha zarur choralar koʻrilishi bildirildi.