Buyuk Britaniya fuqarosi, 40 yoshli Vishvash Kumar Ramesh Hindistondagi oilasi bilan ko'rishgan va ukasi Ajay bilan uyga qaytayotgan edi.

ANIning 12-iyun, payshanba kuni politsiyaga tayanib xabar berishicha, Ahmadobodda Air India aviakompaniyasi samolyoti halokatga uchragan joyda tirik qolgan bir kishi topildi. Avvalroq, AFP shahar politsiyasi komissariga tayanib, “halokatdan hech kim omon qolmaganga o'xshaydi” deb yozgan edi. Ma'lumki, Boeing 787-8 Dreamliner bortida 242 kishi bo'lgan. Ular orasida Hindiston, Buyuk Britaniya, Portugaliya va Kanada fuqarolari bor edi. Ular orasida Gujaratning sobiq gubernatori Vijay Rupani ham bo'lgan. Halokat turar-joy hududida yuz bergan. Ahmadobod politsiyasi vakilining so'zlariga ko'ra, samolyot shifokorlar yotoqxonasi binosiga qulab tushgan.

Politsiya samolyot qulagan uylarda yashovchilar orasida ham qurbonlar borligini ma'lum qildi. Mamlakat sog'liqni saqlash vaziri “ko'p odamlar” vafot etganini aytdi, ammo hozircha aniq ma'lumotlar yo'q, deb xabar beradi dw.com.

Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi X ijtimoiy tarmoqda shunday deb yozdi: “Ahmedoboddagi fojia bizni larzaga keltirdi va qayg'uga soldi. Bu so'zlab bo'lmaydigan qayg'u. Mening o'y-xayollarim ushbu qayg'uli soatda ushbu fojiadan jabrlanganlarning barchasida”.

Hindustan Times nashrining yozishicha, Air India aviahalokatidan omon qolgan 40 yoshli Buyuk Britaniya fuqarosi Vishvash Kumar Ramesh Hindistondagi oilasi bilan ko'rishgan va ukasi Ajay bilan Buyuk Britaniyaga qaytayotgan edi. Ramesh 11A o'rindig'ida o'tirgan.

“Havoga ko'tarilganidan 30 soniya o'tgach, qattiq shovqin bo'ldi, keyin samolyot quladi. Hammasi juda tez sodir bo'ldi. Keyin atrofimda odamlarning jasadlari, samolyot qoldiqlari bor edi. Kimdir meni ko'tarib, tez yordam mashinasiga olib ketdi”, dedi Vishvash Kumar Ramesh Hindustan Times nashriga.