ANI: Pokiston Hindiston bilan xalqaro chegara bo'ylab o't ochdi

    Hindiston tomoniga ko'ra, Pokiston armiyasi Jammudagi Paragval sektorida xalqaro chegara bo'ylab o't ochishni to'xtatish tartibini buzgan.

    Pokiston harbiylari chorshanbaga o'tar kechasi Hindiston bilan xalqaro chegarada o't ochishni to'xtatish tartibini buzdi, deb xabar bermoqda Hindistonning ANI axborot agentligi harbiy manbalarga tayanib.

    “Kecha ertalabgacha Pokiston armiyasi faqat nazorat chizig'i bo'ylab o't ochishni to'xtatish rejimini buzgan bo'lsa, hozir ular Jammudagi Paragval sektorida tunda xalqaro chegara bo'ylab o't ochish orqali xalqaro chegaralar bo'ylab o't ochishni to'xtatish rejimini buzgan holda vaziyatni yanada keskinlashtirishdi”, deya ma'lum qildi manbalar. Paragval sektori Hindiston ittifoqi hududi sanaladigan Jammu va Kashmirning Jammu okrugida, nazorat chizig'idan janubda joylashgan. U Hindiston va Pokiston o'rtasidagi rasman tan olingan xalqaro chegara bo'ylab joylashgan.

    Avvalroq Hindiston quruqlikdagi kuchlari 29-apreldan 30-aprelga o'tar kechasi Pokiston qo'shinlari ittifoq hududi sanaladigan Jammu va Kashmirning Naushera, Sunderbani va Axnur sektorlari qarshisidagi nazorat chizig'i bo'ylab o'qotar qurollardan asossiz o'q uzganini ma'lum qilgan edi. Hindiston harbiylari mamlakat armiyasi zudlik bilan va mutanosib javob berganini ma'lum qildi.

    Jammu va Kashmirda 26 kishining o'limiga sabab bo'lgan teraktdan so'ng Nyu-Dehli va Islomobod o'rtasida keskinlik kuchayib, Hindiston-Pokiston chegarasi hududida bir haftadan beri o't ochishni to'xtatish rejimi buzilishi qayd etildi, deb xabar beradi tass.ru.