"Anklav hudud bitiruvchilariga planshetlar berildi"

    Ta'lim 26 Iyul 2021 219

    Yaqinda Fargʻona davlat universiteti rektori B.Shermuhammadov tomonidan jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlarini qabul qilish jarayonida Fargʻona tumani, Xosilot mahalla fuqarolar yigʻini, Toshtepa qishlogʻidagi 6-umumtaʼlim maktabi bitiruvchilarining oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirishlari uchun tayyorgarlik koʻrishlari masalasi oʻz ijobiy yechimini topgan edi. 

    Tumanning anklav hududida joylashgan maktab oʻquvchilari pandemiya sharoitida oʻquv jarayonlaridan uzoq muddat uzilib qolgani, internetdan foydalanish imkoniyati bu yerda yetarli emasligi bois, bitiruvchilarni rektor oʻz otaligʻiga olib, universitet yotoqxonasidan joy ajratilgan va ularga oʻzlari tanlagan taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha bepul mashgʻulotlar olib borilayotgandi.

    Bugun esa ularning har biriga onlayn darslarni chuqur oʻzlashtirishlari, internet imkoniyatlaridan samarali foydalanishlari, ota-onalari bilan bogʻlanib turishlari uchun sovgʻa tariqasida planshetlar ham taqdim etildi. Sovgʻa ayni paytda abituriyentlarga eng kerakli vosita boʻlganligi uchun taqdirlash ham bayram kabi marosimga aylanib ketdi. Taqdirlashda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri oʻrinbosari Yu.Absoatov, Yoshlar agentligi viloyat boshqarmasi boshligʻi M.Gʻaniyev va boshqa rahbar xodimlar ishtirok etdilar.

    — Dastlab yaxshi sharoitlarda oliy oʻquv yurtiga kirish imtihonlariga hozirlik koʻrayotgan tengdoshlarimiz haqida eshitib, qishloqda tushkunlikka tushgan paytlarimiz ham boʻldi. Fargʻona davlat universitetiga kelgan chogʻimizdan boshlab, bizga oʻz bagʻrini ochgan taʼlim dargohida bunday kayfiyat va qaygʻular ortda qoldi. Mutasaddi tashkilotlarning masʼuliyatli rahbarlari tomonidan bizga koʻrsatilayotgan eʼtibor va gʻamxoʻrlik bizni yana-da kuchli bilim olishga va harakatchanlikka chorlamoqda, — universitet bitiruvchisi Jamshid Nizomov.

    Mazkur ragʻbatdan koʻngli togʻdek koʻtarilgan yoshlar - kelajakda ushbu oliy taʼlim muassasasida oʻqib-izlanib, Vatan taraqqiyotiga oʻzlarining munosib hissalarini qoʻshishlarini taʼkidladilar.