Energetika vazirligi Matbuot xizmati bergan maʼlumotiga koʻra, bugun, 14-iyun kuni soat 11:00 ga qadar esa soatlik ehtiyoj hajmi 11 080 MVtni tashkil qildi. Bu esa 2022-yilning xuddi shu sanasidagi holat bilan taqqoslanganda, 1600 MVt (15,4 foiz) koʻp elektr toki sarflangan, deganidir. Ushbu quvvat deyarli toʻrtta bugʻ-gaz qurilmasining yoki ikkita “Toʻraqoʻrgʻon” IESning quvvatiga teng.
Aytish kerakki, rekord qoʻyish bugun ham davom etib, 14-iyun sanasi mobaynida sutkalik elektr energiyasi isteʼmoli 238-239 mln kVt/soatga yetishi kutilyapti.
Mazkur raqam 2022-yilning mos davrida qayd etilgan isteʼmol miqdoridan qariyb 30 mln kVt/soat yoki 14,8 foiz koʻpdir.
2022-yilning iyul oyida yuz bergan eng anomal issiq haroratli davrda ham maksimal yuklama 10 800 MVtdan, sutkalik maksimal isteʼmol hajmi esa 238,2 mln kVt/soatdan oshmagan edi.
Elektr energiyasining yuqori isteʼmoli, ayniqsa, Toshkent shahrida kuzatilyapti. Masalan, 2021-yilning 13-iyun sanasida poytaxt aholisi 7,6 mln kVt/soat tok ishlatgan boʻlsa, bu koʻrsatkich 2022-yilning xuddi shu kunida 17,08 mln kVt/soatni, bu yil esa 26,4 mln kVt/soatni tashkil qilgan.
Ayrim hududlarda tizim doirasida taʼmirlash ishlarining muntazam olib borilishiga qaramasdan mavjud barcha elektr stansiyalari tomonidan yetarli miqdorda elektr energiyasi ishlab chiqarilyapti.
Buning uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan, zarur miqdorda yoqilgʻi materiallari zaxirasi qilingan, kerakli mutaxassislar, ishchi-xodimlar jalb etilgan. Shuningdek, kelishuvlarga asosan qoʻshni davlatlardan belgilangan hajmlarda elektr energiyasi import qilinib, ichki isteʼmolga yoʻnaltirilyapti.
Maʼlumki, havo haroratining koʻtarilishi natijasida elektr energiyasiga boʻlgan talab ham keskin oshadi. Natijada elektr tarmoqlari va transformator punktlarida yuklamalar ortishi, tarmoqda esa turli nosozliklar kelib chiqishi tabiiy. Xususan, anomal issiq elektr tarmoqlarining oʻtkazuvchanlik qobiliyatini ham 20 foiz tushirib, tizimda yoʻqotishlarni hosil qilishi mumkin.