Qattiq sovuq natijasida qiyinchilik koʻrgan tadbirkorlarga yengilliklar beriladi

    Mamlakatimizda 3 Fevral 2023 1064

    Ayni daqiqalarda Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyatida tadbirkorlar bilan uchrashmoqda. “Bu yil qish nihoyatda sovuq keldi. Koʻplab tadbirkorlar bundan qiynalganini bilib turibman”, — dedi Prezident.

    Xususan, respublikada 3 mingta hududiy sanoat korxonasida 7 trillion soʻmlik mahsulot ishlab chiqarilmagan (ularda 350 ming aholi band).

    Hisob-kitobga koʻra, zarur choralar koʻrilmasa, birinchi chorakda yalpi mahsulot oʻsishi 1,5 foizgacha pasayishi mumkin (5 foizdan 3,5 foizgacha).

    “Oldimizda dolzarb vazifa — «qattiq sovuq” oqibatlarini bartaraf etib, biznes faoliyatini tezroq izga tushirish», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

    Shu bois, iqtisodiyotda yoʻqotishlar oʻrnini qoplash va biznesni qoʻllab-quvvatlash uchun bugun alohida Prezident qarori imzolangan.

    “Qattiq sovuq”dan qiyinchilik koʻrgan tadbirkorlarga kredit, soliq, bojxona va boshqa toʻlovlar boʻyicha yengilliklar beriladi.

    Jumladan:

    - 2 ming nafar kichik va oʻrta tadbirkorlarning yanvar-martda muddati keladigan 4,7 trillion soʻm kredit toʻlovlari 1-iyunga qadar uzaytiriladi;

    - 29 mingta tadbirkorning 2 trillion soʻm soliqdan qarzini 1-iyulga qadar foizsiz, qoʻshimcha garovsiz va “penya”siz boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyati yaratiladi;

    - quvvati pasaygan 545 ta sanoat korxonasiga ishlab chiqarishni tiklash va aylanma mablagʻ uchun 8 trillion soʻm kredit ajratiladi;

    - nosoz uskunalarni taʼmirlashga kreditlar ajratiladi, ular boʻyicha 2,5 milliard soʻmgacha kafillik beriladi va kredit stavkasining 4,5 foizi qoplab beriladi;

    - 27 mingta tadbirkor uchun davlat mulki ijara toʻlovi 1-aprelga qadar oʻzgarmaydi va uni boʻlib-boʻlib toʻlashga ruxsat beriladi (tadbirkorlarda 52 milliard soʻm qoladi);

    - davlat mulkini sotib olgan tadbirkorlar uchun toʻlovlar, foiz va “penya” 1-aprelga qadar toʻxtatib turiladi;

    - ishlab chiqarish binolarining har bir yuqori qavati uchun tadbirkorlarga mol-mulk soligʻidan 10 foizdan chegirma beriladi.

    Shuningdek, qurilish va qurilish materiallari tarmoqlarini tezroq tiklash uchun, davlat investitsiya dasturidan 3 trillion soʻmlik moliyalashtirish shu haftadan ochiladi.