Anqarada Muhammad al-Xorazmiy sharafiga yodgorlik o'rnatildi

    Anqarada buyuk matematik, algebra fanining asoschisi Muhammad al-Xorazmiy sharafiga yodgorlik o'rnatildi.

    Tantanali ochilish marosimida Turkiyada amaliy tashrif bilan bo'lib turgan Xorazm viloyati hokimi Farhod ermonov, mamlakatimizmiz elchisi Alisher A'zamxo'jaev, Turkiy madaniyat xalqaro tashkiloti — TURKSOY bosh kotibi o'rinbosari Bilol Chaqichi, Turkiya Buyuk Millat majlisidagi «Turkiya-O'zbekiston» parlamentlararo do'stlik guruhi raisi Osman Mesten, Anqara shahar Kechio'ren munitsipaliteti hokimi Turg'ut Oltino'q, Anqara gubernatorligining Kechio'rendagi vakili Urgut Bulut, shuningdek, mamlakat ilm-fan va madaniyat doiralari, OAV vakillari ishtirok etdi.

    Al-Xorazmiy yodgorligining Anqara shahrida o'rnatilishi O'zbekiston Prezidenti SHavkat Mirziyoev tashabbusi asosida TURKSOY tomonidan e'lon qilingan «Xiva – turkiy dunyoning madaniy poytaxti» xalqaro dasturi doirasida amalga oshirildi.

    Tadbirda O'zbekiston elchisi Alisher A'zamxo'jaev Muhammad Muso Al-Xorazmiy insoniyat tarixi va tamaddunida alohida o'rin tutgan buyuk shaxslardan biri ekanini ta'kidladi. Xorazmiy merosi O'zbekistonning, turkiy dunyoning bashariyat tarixida muhim o'rin tutganini namoyish qilib turadi. Ushbu haykalning «Xiva – Turkiy dunyoning madaniyat poytaxti» xalqaro dasturi doirasida Anqarada ochilishi ham alohida ahamiyat kasb etmoqda.

    Xorazmiy algebra fanining asoschisi hisoblanadi. «Algebra» so'zi uning «Al-kitob al-muxtasar fi hisob al-jabr va al-muqobala» nomli risolasidan olingan. Uning arifmetikaga oid risolasi hind raqamlariga asoslangan bo'lib, hozirgi kunda biz foydalanadigan o'nlik pozitsion hisoblash tizimi va mazkur tizimdagi amallarning xalqaro ko'lamda tarqalishiga sabab bo'ldi. Olimning “al-Xorazmiy” nomi esa “algoritm” shaklida fanda abadiy o'rnashib qoldi. Uning geografiyaga doir asari esa dunyoda shu yo'nalishda o'nlab kitoblarning yaratilishiga zamin yaratdi. Xorazmiyning “Zij”i G'arb va SHarq mamlakatlarida astronomiyaning rivojlanish yo'lini ko'rsatib berdi

    Al-Xorazmiy sharafiga Turkiya paytaxtida yodgorlik o'rnatilishida ramziy ma'no bor. CHunki shahar qadimdan Evropa va Osiyo o'rtasidagi muhim savdo yo'llari chorrahasida joylashgani tufayli bu erda ilm-fan va madaniyat asrlar davomida rivojlanib kelgan.

    Yodgorlik Anqara shahrining Kechio'ren tumanidagi mashhur bog'lardan biri - «Jo'ka vodiysi» (Ihlamur Vadisi») hududida o'rnatildi. Turkiya poytaxtidagi mazkur so'lim bog' mahalliy aholi va mamlakat mehmonlarining sevimli maskani hisoblanadi. Bog' 2016 yilda qayta ta'mirlanibdan shakllantirilgan bo'lib, 4,5 kilometrlik sun'iy kanal atrofida joylashgan saylgoh sifatida sayqallangan.

    Bog'da, shuningdek, masjid, sport mashg'ulotlari uchun maxsus maydonchalar va boshqa qulayliklar yaratilgan. Anqara munitsipaliteti va O'zbekiston elchixonasi hamkorligida tashkil etilgan hamda o'zbek diasporasi vakillari tomonidan yuritilayotgan «Farg'ona» nomli qahvaxona ham shu erda faoliyat ko'rsatmoqda.

    Ushbu maskanda ijtimoiy-ommaviy, madaniy tadbirlar tez-tez o'tkazib turiladi.

    Shu o'rinda ta'kidlash kerakki, bugungi kunda Anqarada «O'zbekiston» nomli 3 ta, «Toshkent» deb yuritiluvchi 12 ta, «Samarqand» nomli 8 ta va «Buxoro» deb ataluvchi 11 ta ko'cha mavjud.

    Kechio'ren tumanidagi mashhur bog'da qad rostlagan Muhammad al-Xorazmiy yodgorligi esa O'zbekistonning buyuk ilm-fani va merosini targ'ib etuvchi navbatdagi ob'ektlardan biri bo'ldi.

    Muhammad al-Xorazmiy yodgorligining rasmiy ochilish marosimidan so'ng O'zbek milliy kiyimlari ko'rgazmasi va «Mendirman Jaloliddin» fil`mining namoyishi bo'lib o'tdi.