Ansamblimiz tarixidagi eng yuksak e'tirof

    18 yoshimda Nukusdagi harbiy qismlardan biriga yigitlik burchimni oʻtashga kelganman. Hozirgi “Mardlar qoʻriqlaydi vatanni” nomli festival oʻsha paytlarda “Askar qoʻshiqlari” nomi bilan oʻtkazilar edi.

    Harbiy qismimizda boʻlib oʻtgan shu festivalda 1-oʻrinni olib, respublika bosqichiga chiqqanman. Tanlovda oʻsha paytdagi Mudofaa vaziri Rustam Ahmedov bilan birga sohaning nufuzli lavozim egalari ham ishtirok etgan. Komiljon Otaniyozovning “Ayrilma” nomli qoʻshigʻini aytgandim. Qoʻshiq matnidagi “Toʻgʻri yoʻldan egri yoʻlga boshlarlar, taʼlim bergan ustozingdan ayrilma”, degan bandini men “taʼlim bergan ofitseringdan ayrilma”, deb shu yerning oʻzida oʻzgartirib yuborganman. Negaki, sohada oʻzimizdan yuqori mavqedagi har bir xodimga hurmatim cheksiz edi.

    Ayniqsa, yuqori martabali mehmonlar oldida yurakdan ruhlanib ketganimni sezgan kattalar “bu yigitni ansamblga olamiz” deyishgan. Kamoliddin Rahmatov, Shuhrat Dadajonov kabi ustozlarimiz qatorida men ham faoliyat boshladim. Endigina mustaqillikka erishgan paytlarimiz emasmi, ansamblni milliylashtirish ishlari boshlanayotgan ekan. Haqiqatadan ansamblga kelganimda hech kim oʻzbekcha gapirmas edi. Repertuarda esa bittagina oʻzbekcha qoʻshiq bor edi. U ham boʻlsa, “Choyxona” qoʻshigʻi. Ustozlarimiz bilan birgalashib, oʻzbek tilidagi vatanparvarlik ruhidagi qoʻshiqlarni asta-sekin koʻpaytira boshladik.

    Tarix uchun qisqa boʻlgan har qanday fursat insoniyat uchun arzirli vaqt boʻlar ekanda. Koʻz ochib-yumguncha shu voqeliklarga ham 28 yil boʻlibdi. Raqamlar bilan qiyoslanganda Qurolli Kuchlarimiz faoliyatiga yaqin faoliyat yuritish menga faxr, iftixor bagʻishlaydi. Oʻtgan yili ansamblga rahbarlikka tayinlandim. Ayni paytda vokal, xor, balet, sozandalar va moddiy taʼminot kabi guruhlarimizda 100 dan ziyod xodimlar bilan faoliyat olib boryapmiz.

    Bu yil Qurolli Kuchlarimizning 30 yillik tantanasiga koʻtarinki ruhda badiiy chiqishlar tayyorlab, markaziy koʻchalarda vatanparvarlik ruhidagi qoʻshiqlar bilan yurish qildik. Koʻp qavatli uylar aholisi, poytaxtimiz mehmonlari jangovor yurishi, tantanavor qoʻshiqlarimizni hayajon va havas bilan kuzatib, ilif fikrlar aytganidan boshim koʻkka yetgan boʻlsa, davlatimiz rahbari tomonidan “Shuhrat” medaliga munosib koʻrilganim kuchimga kuch qoʻshdi. Qolaversa, Mudofaa vaziri “polkovnik” unvonini taqdim etgani yanada yuksak masʼuliyat bagʻishladi. Zero, bu ansamblimiz tarixidagi ilk eʼtibor va eʼtirof ekanini ustozlarimiz ham taʼkidlab oʻtishdi.

    Bu yilgi dasturimizdan oʻrin olgan “30 yoshing muborak!”, “Oʻzbekiston harbiylari”, “Yodimizda”, “Oʻzbekiston yigitlari” kabi qoʻshiqlarimiz orqali yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashni maqsad qilganmiz. Shuningdek, xizmat burchini oʻtayotgan paytda mardlarcha halok boʻlgan harbiylarning oila aʼzolarini ham bayramga taklif etdik. Ularni xotirlab, tayyorlagan videoroliklarimiz katta ekranda namoyish qilinganida, yurtdoshlarimizning harbiylarga boʻlgan hurmati yanada ziyoda boʻlishiga shubha yoʻq.

    Xulosa oʻrnida aytmoqchimanki, bagʻrikeng, tanti va mehnatkash xalqimiz, faqatgina tinch osmon ostida farovonlikda, goʻzal hayot ogʻushida yashashga munosib. Bu borada biz, harbiylar imkonimiz qadar ona xalqimiz xizmatiga doimo shaymiz!

    Zafar BOBOJONOV,

    Oʻzbekiston Respublikasi qurolli kuchlari

    Markaziy ashula va raqs ansambli boshligʻi