Kuchli yomgʻir 12-dekabr kuni Turkiyaning kurort provinsiyasi Antaliyada soʻnggi 50 yildagi eng kuchli suv toshqinlariga sabab boʻldi.
Mahalliy gazetaning yozishicha, suv toshqini mashinalarni oqizib ketgan, koʻpriklarga zarar yetkazgan.
“Antaliyaning Kumluja tumanida kechadan beri davom etgan jala va momaqaldiroq yarim kechasi kuchaygan. Salur, Sarikasuv va Oʻrtakoʻy tumanlarida yogʻgan yogʻingarchilikdan soʻng tuman markazidan oʻtuvchi Gavur daryosi toshib ketdi”, – deyiladi xabarda.
Kumluja meri Mustafo Keleoʻgʻlining taʼkidlashicha, tuman hokimiyati kuchli yomgʻir sabab yuqori shaylik holatiga keltirilgan.
“Viloyatda 50 yildan beri bunday ofat boʻlmagandi, sel suvlari koʻpriklarni buzdi, shu bois texnikalar ishlay olmadi. Yomgʻir suvi toshqinga sabab boʻlib, birinchi qavatlar va avtomobillarga zarar yetkazdi. Harakat qilgan boʻlsakda, uddalay olmadik. Fuqarolarimizdan qurbonlar boʻlmasligi uchun ehtiyot boʻlishlarini soʻraymiz”, – deydi u.
Kumluja tumani Antaliya shahridan taxminan 90 kilometr uzoqlikda joylashgan.