10-avgust kuni Rossiyadan parvozlar tiklanganidan soʻng Turkiyaning Antaliya viloyatiga 336 mingdan ziyod rossiyalik sayyoh dam olish uchun kelgan. Bu haqda viloyat hokimi Ersin Yazichi soʻz yuritdi.
Uning soʻzlariga koʻra, shu vaqt ichida sakkiz nafar rossiyalikka koronavirus tashxisi qoʻyilgan, bu davolanish va kuzatuvni talab qiladi, deb yozadi RIA Novosti.
Agar sayyohlarda yoʻtal, isitma, nafas qisilishi kabi shikoyatlar boʻlsa, ular boshqa mehmonlardan uzoqlashib, niqob taqib, shifokorga murojaat qilishi kerak, dedi hokim.
Shundan soʻng shifokor mahalliy sogʻliqni saqlash departamentining yuqumli kasalliklar boʻlimiga xabar beradi, bemor kim bilan aloqada boʻlgani aniqlanadi va nazoratga olinadi.
Koronavirus testi musbat boʻlgan sayyoh kasalxonaga yotqiziladi. U yashagan mehmonxona xonasi dezinfeksiya qilinadi va kun davomida shamollatiladi.