Sogʻliqni saqlash vazirligi maʼlum qilishicha, 2025-yil 15-dekabrda soha vazirining “Elektron retsept” tizimini joriy etishning keyingi bosqichma-bosqich tartibini belgilashga doir buyrugʻi qabul qilingan. Unga koʻra, tibbiyot tashkilotlarida retsept bilan beriladigan dori vositalarini elektron retsept asosida tayinlash bosqichma-bosqich joriy etilishi belgilangan.
Qayd etilishicha, dastlabki bosqichda antibiotiklar, tizimli taʼsir etuvchi sintetik antibakterial dori vositalari hamda tizimli taʼsir etuvchi gormonal dori vositalari elektron retsept asosida tayinlanishi va dorixonalarda elektron retsept orqali berilishi tartibi joriy qilingan. Hozirda mazkur dori vositalari amalda aynan shu tartib asosida elektron retsept orqali berib kelinmoqda.
Shuningdek, vazirlik rasmiylashtirgan hujjat Adliya vazirligi tomonidan 2025-yil 15-dekabrda roʻyxatdan oʻtkazilgani (roʻyxat raqami 3725) va tartib 2026-yil 15-yanvardan emas, balki buyruq kuchga kirgan 2025-yil 16-dekabrdan boshlab amal qilayotgani taʼkidlandi.