“Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxonani tekshirish boshlandi

    Farmasevtika faoliyatini litsenziyalash boshqarmasi tomonidan “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan “SAMO” MCHJ korxonasida farmatsevtik faoliyat bo‘yicha tekshiruv ishlari olib borilmoqda.

    SSVning Farmasevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi Matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, tekshiruv davomida dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlariga, jumladan, Zarur ishlab chiqarish amaliyoti, Zarur distribyutorlik amaliyoti, Zarur saqlash amaliyoti davlat standartlariga, dori vositalarini ishlab chiqarish, tayyorlash, saqlash va ulgurji realizatsiya qilish doirasida texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi hujjatlar talablariga muvofiq bo‘lish va korxona tomonidan majburiy rioya qilish shart bo‘lgan litsenziya talab va shartlari bo‘yicha holatlar o‘rganilmoqda.

    Shuningdek Markazning akkreditatsiyadan o‘tgan laboratoriyalari tomonidan "Dori vositalarining xavfsizligi to‘g‘risidagi umumiy texnik reglament"ga muvofiq, “Antistrumin” dori vositasining xavfsizlik ko‘rsatgichlari bo‘yicha o‘rnatilgan tartibda tahlil jarayonlari ketmoqda.

    Shu o‘rinda Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi keng jamoatchilikka murojaat qilib, tegishli tashkilotlar tomonidan ushbu dori vositasi bilan bog‘liq holat sabablari aniqlanib, ma’lum qilinmaguncha, asoslanmagan xabarlarni tarqatmasliklarini so‘rab qoladi, deyiladi xabarda.