Ushbu mukofotga, shuningdek, Fransiyaning tinchlik uchun va ekstremizmga qarshi kurashish boʻyicha assotsiatsiyasi rahbari Latifa Ibn Ziaten ham sazovor boʻldi. Uning oʻgʻli 2012-yilda sodir etilgan terrorchilik hujumi qurboni boʻlgan.
Zayd “Inson birodarligi” mukofoti 2019-yilda alohida shaxslar yoki tashkilotlarning insoniyat taraqqiyoti yoʻlidagi ulkan yutuqlarini ragʻbatlantirish uchun taʼsis etilgan. Bundan avval ushbu mukofot bilan al-Azhar majmuasi oliy imomi Ahmad at-Toyib va katolik cherkovi rahbari Papa Fransisk taqdirlangan.
Ularga mukofot Abu Dabi shahrida Inson birodarligi toʻgʻrisidagi deklaratsiya imzolangandan soʻng topshirilgan. Mazkur deklaratsiya insoniyatni turli qarama-qarshiliklar va kelishmovchiliklarni chetga surib, oʻzaro anglash va yarashish orqali taraqqiyotga intilishga undaydi.
2021-yilgi Zayd “Inson birodarligi” mukofoti sovrindorlariga 1 million dollar beriladi. Mablagʻ ular oʻrtasida teng taqsimlanadi.
“Men 500 ming dollar miqdordagi mukofotni insoniyat oilasining eng himoyasiz aʼzolari - qochqinlarni himoya qilish uchun BMT Qochqinlar boʻyicha Oliy Komissariyatiga topshirishga qaror qildim, - deb eʼlon qildi Antoniu Guterrish. - Dunyo COVID-19 pandemiyasi, iqtisodiy inqiroz, favqulodda iqlim oʻzgarishlari va boshqa tahdidlarga duch kelayotgan bir paytda, hamjihatlik namoyon etish har qachongidan ham muhim. Kelajakda biz qurishga intilayotgan jamiyatda nafrat uchun joy boʻlmasligi kerak”.
Mukofot Abu-Dabining marhum hukmdori va Birlashgan Arab Amirliklarining asoschisi shayx Zayd bin Sulton Al Nahayyon sharafiga nomlangan.
Eslatib oʻtamiz, BMT Bosh Assambleyasi dinlararo va madaniyatlararo muloqotni rivojlantirish maqsadida 4-fevralni Xalqaro inson birodarligi kuni, deb eʼlon qilgan.