AQSh bilan hamkorlikda bir qator loyihalarga xususiy investitsiyalar jalb etiladi

    Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov AQShning Global infratuzilma va investitsiyalar boʻyicha hamkorlikning maxsus koordinatori vazifasini vaqtinchalik bajaruvchisi Helaine Matz bilan uchrashdi.

    Suhbat davomida tomonlar transport infratuzilmasini rivojlantirish, geologiya va raqamlashtirish loyihalariga xususiy moliyalashtirishni jalb etish masalalarini muhokama qildi.

    Ushbu tashabbus 2022-yil iyun oyida boʻlib oʻtgan G7 sammitida AQSh tomonidan ilgari surilgan. Maqsad rivojlanayotgan mamlakatlarda sifatli infratuzilmani rivojlantirish uchun investitsiyalarni safarbar etishdir.

    Tashabbus doirasida Qoʻshma Shtatlar grantlar, federal moliyalashtirish va xususiy sektor sarmoyalarini jalb etish orqali besh yil davomida 200 milliard dollargacha, G7 mamlakatlari esa 600 milliard dollargacha mablagʻ ajratadi. Tashabbusni amalga oshirishda Jahon banki va BlackRock, Brookfield, Global Infrastructure Partners kabi xususiy sarmoya kompaniyalari ishtirok etyapti.

    Shuningdek, ikki tomonlama hamkorlikning keng koʻlamli dolzarb masalalari, jumladan, investitsiyalar kiritish va qoʻshma loyihalarni amalga oshirish boʻyicha konstruktiv fikr almashildi.

    Uchrashuv yakunida ikki tomonlama munosabatlarning barcha muhokama qilingan yoʻnalishlari boʻyicha hamkorlikni yanada chuqurlashtirish va kengaytirishga tayyorlik bildirildi, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.