Mazkur uchrashuvda Oʻzbekiston-Amerika hamkorligining dolzarb masalalari, milliy kadrlar salohiyatini rivojlantirish boʻyicha qoʻshma dasturlar koʻlamlarini kengaytirish, shuningdek, uning Oʻzbekistonga boʻlajak tashrifi bilan bogʻliq masalalar muhokama qilindi.

Amerika tomoni Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar dasturiga yuqori baho berar ekan, joriy yil 3-6-oktyabr kunlari AQSH Davlat departamenti delegatsiyasi mamlakatimizdagi oʻzgarishlarning samaralari bilan tanishish maqsadida Oʻzbekistonga tashrif bilan borishi rejalashtirilayotganini maʼlum qildi. Bundan tashqari, Elizabet Tryudo oʻzaro hamkorlikni rivojlantirishning istiqbolli yoʻnalishlarini va respublikaning inson salohiyatini mustahkamlashga qaratilgan qoʻshma tashabbuslarni amalga oshirishni muhokama qilish niyatida ekanligini ham aytdi.

Xususan, Amerika delegatsiyasining Oʻzbekistonda boʻlishi davomida Oliy Majlis, Milliy ommaviy axborot vositalarini qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi, mamlakatimiz oliy oʻquv yurtlarida uchrashuv va muzokaralar, shuningdek, Jizzax va Toshkent viloyatlariga tashriflar rejalashtirilgan.

Uchrashuv yakunlari boʻyicha Davlat departamenti vakili barcha sohalarda ikki tomonlama munosabatlarni sifat jihatdan rivojlantirishga xizmat qiluvchi davlat rahbarlari va alohida sohalar rahbarlari darajasidagi Amerika delegatsiyalarining Oʻzbekistonga tashrifini kengaytirishga koʻmaklashishga tayyorligini bildirdi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.

Eslatib oʻtamiz: Elizabet Tryudo yetakchi diplomat boʻlib, avval Shimoliy Irlandiya va Pokistondagi AQSH Bosh konsuli, AQSHning NATOdagi missiyasi maslahatchisi, AQSHning Janubiy Afrikadagi missiyasi matbuot attashesi, Davlat departamenti matbuot ishlari boʻyicha direktori lavozimlarida ishlagan. Hozirgi lavozimiga qadar u Mudofaa vazirining jamoatchilik bilan aloqalar boʻyicha yordamchisining birinchi oʻrinbosari lavozimida faoliyat yuritgan.