AQSh Davlat kotibining oʻrinbosari bilan muloqot oʻtkazildi

    Xalqaro hamkorlik 22 Sentabr 2022 977

    BMT Bosh Assambleyasining 77-sessiyasida ishtirok etish uchun Nyu-York shahrida boʻlib turgan Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov Amerika Qoʻshma Shtatlari Davlat kotibining siyosiy masalalar boʻyicha oʻrinbosari Viktoriya Nuland bilan uchrashuv oʻtkazdi.

    Muloqot davomida qayd etilganidek, soʻnggi yillarda birgalikdagi saʼy-harakatlar samarasi oʻlaroq Oʻzbekiston-Amerika strategik sherikligi ikki tomonlama va mintaqaviy kun tartibining barcha jabhalarida sezilarli darajada jadallashdi. Oʻzaro ishonch va hurmat tamoyillariga asoslangan faol siyosiy muloqot olib borilyapti.

    V.Nuland Amerika tomoni Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar va ochiqlik siyosatini qoʻllab-quvvatlashini taʼkidladi. Rasmiy Vashingtonning Oʻzbekiston bilan aloqalarni ikki tomonlama darajada va “5+1” formatida mustahkamlashga tayyorligi maʼlum qilindi.

    AQSh Davlat kotibining oʻrinbosari Oʻzbekistonning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarini rivojlantirish, shuningdek, mintaqalararo aloqalarni mustahkamlash borasidagi tashabbuslari va amaliy qadamlarini olqishladi. Mamlakatimizning Afgʻonistonda barqaror tinchlik va barqarorlikka erishish, qoʻshni davlatga keng koʻlamli gumanitar yordam koʻrsatish, infratuzilma va energetika loyihalarini amalga oshirish borasidagi saʼy-harakatlariga yuksak baho berildi.

    Uchrashuv davomida turli darajadagi boʻlajak tadbirlar jadvali, shuningdek, savdo-investitsiya va madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish boʻyicha ham fikr almashildi, deb xabar beradi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.