Viloyat hokimligi maʼlumotiga koʻra, elchi universitet rektori Avazjon Marahimov bilan Surxondaryoda ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning farzandlari uchun liderlik va ingliz tili oʻquv kurslarini tashkil etish boʻyicha qoʻshma loyihalarni muhokama qildi.
Elchi ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning farzandlari va yoshlar uchun The English Access Scholarship loyihasi doirasida ingliz tilini oʻqitish kurslarini tashkil etish taklifini berdi.
Termiz davlat universiteti AQSH oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlik aloqalarini 2020-yildan boshlab yoʻlga qoʻygan. Oʻtgan bir yil davomida ikki tomonlama koʻplab loyihalar amalga oshirildi. Jumladan, ayni vaqtda elchixonaning saʼy harakatlari bilan Fulbrayt ingliz tili oʻqituvchi-assistenti dasturi doirasida Kristofer Kouen Termiz davlat universitetining Xorijiy filologiya fakultetida talabalar uchun amaliy mashgʻulotlar hamda darsdan tashqari “Speaking Club” faoliyatini olib bormoqda.
Shuningdek, universitetning ingliz tili va adabiyoti kafedrasi professor-oʻqituvchilari AQSHning Union Institute and University tuzilmasi bilan hamkorlikda American Studies (Amerikashunoslik) nomli oʻquv-qoʻllanmani yaratish loyihasi ustida ishlayapti.
AQSH elchisi universitetning iqtidorli talabalari bilan muloqot qildi.
Tadbir doirasida elchixona nomidan universitet kutubxonasiga ingliz tilini oʻqitish metodikasi va ingliz tilida chop etilgan badiiy kitoblar jamlanmasi sovgʻa qilindi.