AQSh Falastinning BMTga a'zoligi haqidagi rezolyutsiyaga veto qo'ydi

    Xavfsizlik Kengashidagi ovoz berish chog'ida ko'pchilik mamlakatlar tomonidan qo'llab-quvvatlangan Falastinning BMTga to'laqonli a'zoligi haqidagi rezolyutsiya loyihasini AQSh blokladi.

    Xavfsizlik Kengashida ovoz berishda rezolyutsiya loyihasini 15 davlatdan 12 tasi, jumladan Fransiya, Yaponiya, Janubiy Koreya va Rossiya qo'llab-quvvatladi. Buyuk Britaniya va Shveytsariya betaraf qoldi.

    AQSh veto qo'yganligi sababli, Falastin kuzatuvchi davlat sifatida qolmoqda, deb xabar beradi ru.euronews.com.

    Falastin ma'muriyati rahbari Mahmud Abbos Vashington qarorini “adolatsiz, etikaga zid va asossiz” deb atadi.

    Rezolyutsiya loyihasini taqdim etgan Jazoirning BMTdagi elchisi Amar Benjama ham AQShni tanqid qilib, “Tinchlik Falastinning chetlatilgani bilan emas, uning qo'shilishi bilan bo'ladi” deb ta'kidladi.