2 sentyabr kuni Chorvoq suv omborining muhofaza etiladigan hududida bir oilaga tegishli uch kishi cho‘kib ketgani haqida xabar bergandik.

Hodisa joyiga o‘sha kuni Favqulodda vaziyatlar vazirligi kuch va vositalari jalb qilinib, qidiruv-qutqaruv ishlari uzluksiz davom ettirilmoqda.

Qutqaruv otryadi komandiri Rustam Bo‘rievning ma’lum qilishicha, oila a’zolari katerda sayr qilish uchun suv omboriga chiqqan. Ular suv bo‘yida suratga tushish maqsadida cho‘milish taqiqlangan hududda to‘xtagan va keyinchalik suvga tushgan.

Cho‘milish vaqtida ular qutqaruv jiletlaridan foydalanmagan. Shu paytda suvda to‘lqin hosil bo‘lgan va oila a’zolaridan birining oyog‘ida tomir tortishib, cho‘kish holati yuzaga kelgan. Uni qutqarish maqsadida otasi va yana bir o‘g‘li ham suvga tushgan.

Katerni boshqarayotgan haydovchi ularni jiletsiz suvga tushmaslik haqida ogohlantirgan. Biroq oila a’zolari bu tavsiyaga amal qilmagan.

Hodisa vaqtida katerda oilaning ayol a’zolari ham bo‘lgan. Ular atrofdagilardan yordam so‘ragan. Kater haydovchisi ham suvga tushib, fuqarolarni qutqarishga harakat qilgan, ammo buning iloji bo‘lmagan.

Ayni paytda qidiruv-qutqaruv ishlariga beshta qutqaruv otryadi va suvda harakatlanayotgan ettita qutqaruv brigadasi jalb qilingan. Shuningdek, Surxondaryo va Jizzax emas, Sirdaryo va Jizzax viloyatlaridan qutqaruv otryadlari ham jalb etilgan. Hodisa joyida maxsus shtab tashkil qilingan.

Qutqaruvchilar fuqarolarni Chorvoq suv omborida faqat cho‘milish uchun belgilangan maxsus hududlardan foydalanishga chaqirdi.

Mutaxassislar kater yoki skuterda suv bo‘ylab sayr qilishda maxsus guvohnomaga ega haydovchi va instruktor bo‘lishi, shuningdek, barcha yo‘lovchilar qutqaruv jiletlari hamda zarur himoya vositalaridan foydalanishi shartligini eslatdi.

Qutqaruvchilarning ta’kidlashicha, oddiy xavfsizlik qoidalariga rioya qilmaslik og‘ir va ayanchli oqibatlarga olib kelishi mumkin.