Oq uy Jahon chempionati bo‘yicha maxsus guruh ijrochi direktori Endryu Juliani Kongo delegatsiyasi Belgiyadagi o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini davomida qat’iy karantin rejimiga rioya qilishi kerakligini aytd, deb xabar berdi Kazinform.

Uning so‘zlariga ko‘ra, "xavfsizlik pufagi" talablarini buzish Qo‘shma Shtatlarga kirishga ruxsat berilmasligiga olib kelishi mumkin.

— Biz Kongo jamoasiga 11-iyun kuni Xyustonga kelishdan oldin 21 kun davomida "xavfsizlik pufagi"ning yaxlitligini saqlashlari kerakligini aniq aytdik. Aks holda, jamoa Qo‘shma Shtatlarga kirish imkoniyatini yo‘qotishi mumkin, — dedi Juliani.

Shunga qaramay, jamoa vakillari mashg‘ulot dasturi o‘zgarishsiz qolishini ta’kidladilar.

Jamoa 3 iyun kuni Belgiyaning Lej shahrida Daniya bilan o‘rtoqlik o‘yinida, 9 iyun kuni esa Ispaniyaning Kadis shahrida Chili bilan o‘rtoqlik o‘yinida maydonga tushishi rejalashtirilgan.

Faqatgina o‘zgarish shundaki, jamoa muxlislari bilan xayrlashish uchun Kinshasaga rejalashtirilgan safarini bekor qildi.

Jamoa vakilining so‘zlariga ko‘ra, bu qaror AQSh ularni ogohlantirishidan oldin qabul qilingan.

— Biz mashg‘ulotlar dasturimizni saqlab qoldik. Hozirgi tarkibdagi hech bir o‘yinchi Kongo Demokratik Respublikasida yashamaydi. O‘rtoqlik o‘yinlari jadvalda qoladi, — dedi jamoa vakili.

Jamoa turnir davomida Xyustonda joylashadi. K guruhining birinchi o‘yinida Kongo Demokratik Respublikasi 17-iyun kuni Portugaliya bilan to‘qnash keladi.

Keyin ular 23-iyun kuni Meksikaning Gvadalaxara shahrida Kolumbiya va 27-iyun kuni Atlanta shahrida O‘zbekiston bilan o‘ynaydilar.

Futbolchilarning aksariyati va bosh murabbiy Sebastyan Desabr Yevropada istiqomat qiladi. Delegatsiyaning bir nechta a’zolari shu hafta boshida Belgiyadagi o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini uchun Kongo Demokratik Respublikasidan kelishdi.

Ta’kidlash joizki, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Kongo Demokratik Respublikasida tarqalgan noyob Bundibugyo Ebola shtammining tahdid darajasini "juda yuqori" darajaga ko‘targan.