Muloqot avvalida mehmonlarga mamlakatimizda soʻnggi yillarda parlamentning davlat hokimiyatining mustaqil tarmogʻi sifatidagi rolini mustahkamlash boʻyicha olib borilayotgan keng qamrovli ishlar haqida batafsil maʼlumot berildi.

AQSH iqtisodiy jihatdan jahondagi yetakchi davlatlardan biri hisoblanadi. Xususan, aholisining daromadlari yuqoriligi boʻyicha yetakchilar qatorida turadi. Ayni shu omillar har qanday davlatni AQSH bilan iqtisodiy hamkorlik qilishga undaydi.

Muloqot davomida Oʻzbekiston – AQSH parlamentlari oʻrtasida hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari keng muhokama etildi.

Keyingi yillarda Oʻzbekiston — AQSH munosabatlari nafaqat savdo-iqtisodiy va siyosiy sohalarda, balki parlamentarizm yoʻnalishida ham munosabatlar izchil rivojlanib boryapti. Ikki mamlakat oʻrtasidagi parlamentlararo aloqalar bugungi kunda yangi bosqichga chiqdi, parlament delegatsiyalarining tashriflar almashinuvi bu boradagi hamkorlikka mustahkam zamin yaratdi.

AQSH va Oʻzbekiston oʻrtasidagi iqtisodiy aloqalar ham izchil rivojlanyapti. Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston bozorida Amerikaning yetakchi kompaniyalarining ishtirokini kengaytirish va oʻzaro qoʻllab-quvvatlash boʻyicha aniq kelishuvlarga erishildi.

2021-yil pandemiya sharoiti boʻlishiga qaramasdan oʻzaro hamkorlik munosabatlari izchil davom ettirilyapti. Buni yil boshidan kuzatilayotgan delegatsiya almashuvlari, olib borilayotgan uchrashuvlar va muzokaralardan ham payqash qiyin emas.

Uchrashuvda kelgusida ikki mamlakat parlamentlari hamkorligi boʻyicha faoliyatni yanada takomillashtirish masalalari har tomonlama tahlil qilinib, bunda AQSH Kongressida tuzilgan Oʻzbekiston boʻyicha kokusning oʻrni muhimligi taʼkidlab oʻtildi.

Delegatsiya aʼzolari Oʻzbekistonning tashqi olam bilan ochiq, doʻstona va oʻzaro manfaatli sheriklik sari tashlayotgan ishonchli qadamlariga yuqori baho berdi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmati.

Shuningdek, muloqotda tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar ham atroflicha muhokama etildi.