Mamlakatimizda bolalar mehnatiga barham berish sohasidagi islohotlar muvaffaqiyatli amalga oshirilayotganini inobatga olib, AQSH Mehnat vazirligi ushbu tadbirga Oʻzbekiston elchisini taklif qildi.
Diplomat oʻz nutqida ishtirokchilarga soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda qonun hujjatlarini xalqaro standartlarga moslashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, yangilangan Konstitutsiyasida majburiy mehnatga qarshi kurash boʻyicha kiritilgan normalar, 2022-yilgi paxta terimining mustaqil monitoringi natijalari va mamlakatimizda bolalar mehnatiga barham berish sohasida hayotga tatbiq etilayotgan ijtimoiy dasturlar haqida batafsil maʼlumot berdi.
AQSH savdo vazirining oʻrinbosari Tea Li oʻz maʼruzasida 2022-yilda 131 davlatdan faqat 4 ta mamlakat, yaʼni Oʻzbekiston, Argentina, Kolumbiya va Kot-dʻIvuarga “Significant Advancement” ("Sezilarli taraqqiyot") maqomi berilganini taʼkidladi.
AQSH Mehnat vazirligi maʼlumotiga koʻra, mazkur baholash mezonida bolalar mehnatining eng yomon shakllarini taqiqlovchi qonunlar va meʼyoriy hujjatlarning mavjudligi, shikoyatlarni koʻrib chiqish va bunday huquqbuzarliklarni tekshirishning ijro va institutsional mexanizmlari, shuningdek, bolalar mehnatining eng ogʻir shakllariga jalb etilishining oldini olish boʻyicha ijtimoiy dasturlarni amalga oshirish va bu boradagi davlat siyosatining samaradorligi hisobga olinadi.