AQSh xalqaro diniy erkinlik bo‘yicha komissiyasining doimiy aʼzolari Erik Uland, Stiven Shnek va Frenk Volf, USCIRFning boshqa vakillari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda O‘zbekistonda diniy erkinlikni taʼminlash sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar muhokama qilindi.

Xususan, diniy erkinlikni taʼminlash sohasidagi islohotlar va diniy tashkilotlarga oid qonunchilikni liberallashtirish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi. O‘zbekistonda diniy eʼtiqod erkinligini taʼminlash sohasida huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar natijalari alohida taʼkidlandi.

Komissiya aʼzolari O‘zbekistonda diniy erkinliklarni taʼminlash sohasidagi vaziyatni yaxshilash bo‘yicha salmoqli ishlar amalga oshirilganini eʼtirof etdi. Ular bu boradagi islohotlarni davom ettirish, qonunchilikni xalqaro standartlarga moslashtirish borasidagi saʼy-harakatlarga ishonch bildirdi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar diniy erkinliklarni himoya qilish sohasida hamkorlikni mustahkamlash uchun muntazam amaliy muloqotni davom ettirishga kelishib oldi.

USCIRF AQSh hukumatining 1998 yilda qabul qilingan Xalqaro din erkinligi to‘g‘risidagi qonunga (IRFA) muvofiq tashkil etilgan ikki partiyalik asosdagi mustaqil maslahat organidir. Komissiya dunyoda din yoki eʼtiqod erkinligi huquqiga rioya etilishini monitoring qiladi, AQSh Prezidenti, Davlat kotibi va Kongressiga ushbu sohadagi tegishli siyosiy tavsiyalarni taqdim etadi.

O‘zbekiston delegatsiyasining AQShning Yevropada xavfsizlik va hamkorlik bo‘yicha komissiyasi (Xelsinki komissiyasi) vakillari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvida inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi sheriklikni yana-da chuqurlashtirish istiqbollari muhokama qilindi.

Xelsinki komissiyasi AQSH tomonidan 1975 yilda Kongress tomonidan Xelsinki yakuniy aktiga va YEXHTning boshqa majburiyatlariga rioya etilishini monitoring qilish va rag‘batlantirish maqsadida tashkil etilgan mustaqil agentlikdir. Komissiya tarkibiga AQSH Vakillar palatasi va Senatining 9 nafardan aʼzolari, shuningdek, Davlat departamenti, Pentagon va Savdo vazirligining bir nafardan vakili kiritilgan. Bugungi kunda tuzilmani kongressmen Sebastyan Koen va senator Ben Kardin boshqarmoqda.

Uchrashuvda Xelsinki komissiyasining yetakchi mutaxassisi Uilyam Konnor, siyosat masalalari bo‘yicha maslahatchi Jordan Uorlik, AQSHning YEXHTdagi missiyasidagi komissiya vakili Shennon Simrel, shuningdek, siyosiy masalalar bo‘yicha katta maslahatchi Baxtiyor Nishonov ishtirok etdi.

Amerika vakillari O‘zbekiston tomonidan so‘nggi yillarda inson huquqlari va demokratiyani ilgari surish sohasida Xelsinki kelishuvlari amalga oshirilishini taʼminlashda erishilgan salmoqli yutuqlar va ijobiy natijalarni alohida taʼkidladi. YEXHT masʼuliyati doirasidagi mintaqaviy xavfsizlik mavzusiga to‘xtalar ekan, ekspertlar O‘zbekistonning Afg‘onistondagi vaziyatni tartibga solishdagi rolini yuqori baholadi.

Eslatib o‘tamiz, YEXHT Parlament Assambleyasining navbatdagi kuzgi yig‘ilishi 2023 yilda O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadi.

Faxriy prezident Kris Saypl va Global jalb qilish instituti vitse-prezidenti Jeyms Chen bilan uchrashuvda diniy plyuralizm va konfessiyalararo totuvlikni rivojlantirish sohasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Suhbat chog‘ida IGE vakillari O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, jumladan, diniy erkinliklarni himoya qilish va ilgari surish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida maʼlumot olish maqsadida mamlakatimiz delegatsiyasining AQShga tashrifini tashkil etish tashabbusini yuqori baholadi.

Mamlakatimizning AQShdagi elchixonasi maʼlumotiga ko‘ra, IGE faxriy prezidenti O‘zbekiston bilan hamkorlikni yana-da rivojlantirishdan manfaatdor ekanini maʼlum qilgan. U diniy erkinlik, diniy taʼlim, radikalizmga qarshi kurashish, shuningdek, adliya tizimini mustahkamlash bo‘yicha hamkorlikda tadbir va loyihalar o‘tkazishga tayyorligini bildirdi.

Bundan tashqari, Kris Saypl ikki davlat o‘rtasida dinlararo muloqotni yo‘lga qo‘yish uchun O‘zbekistondan pastor va imomlarning tashriflarini tashkil etishni taklif qildi.

Eslatib o‘tamiz, IGE NNT 2000 yilda tashkil etilgan. Unga AQShning diniy erkinlik bo‘yicha maxsus topshiriqlar bo‘yicha birinchi elchisi Robert Saypl asos solgan. Bundan ko‘zlangan maqsad Davlat departamenti va turli diniy tashkilotlar ko‘magida diniy erkinlikni ilgari surishdan iborat. Dunyodagi barcha dinlarning tinch-totuv yashashi uchun sharoit yaratishga intiladigan institut sifatida o‘zini namoyon qiladi.

O‘zbekiston delegatsiyasining AQShga tashrifi davom etmoqda.