Donald Tramp 2025-yil yanvar oyida lavozimga kirishgan kuni kelishuvdan chiqish to'g'risidagi farmonni imzoladi. Parij kelishuvi global isishni cheklash va iqlim o'zgarishining eng halokatli oqibatlari xavfini kamaytirishga qaratilgan.

Kelishuvdan chiqish AQSh endi o'zini issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirish majburiyatlari bilan bog'liq deb hisoblamasligini anglatadi. Amerika tomoni xalqaro iqlim konferensiyalarida ishtirok etishni ham to'xtatadi. Bundan tashqari, bu qaror eng kam rivojlangan mamlakatlarga iqlim o'zgarishi oqibatlariga moslashish va ulardan himoya qilishda yordam berish dasturlarini moliyalashtirishning kamayishiga olib kelishi mumkin.

AQSh Xitoydan keyin dunyoda issiqxona gazlari chiqindilari bo'yicha ikkinchi o'rinda turadi. BMTning hisob-kitoblariga ko'ra, agar hozirgi global iqlim siyosati davom etsa, XXI asrning oxiriga kelib o'rtacha global harorat sanoatgacha bo'lgan darajadan taxminan Selsiy bo'yicha 2,8 darajaga ko'tarilishi mumkin. Xalqaro tashkilotlarning fikriga ko'ra, AQShning kelishuvdan chiqishi bu ko'rsatkichni taxminan Selsiy bo'yicha 0,1 darajaga oshirishi mumkin.

Vashingtonning qarori atrof-muhit tashkilotlarining tanqidiga sabab bo'ldi. Greenpeace Deutschland rahbari Martin Kayser AQShning chiqishini xalqaro huquqiy tartibning “geosiyosiy o't qo'yish” deb atadi va bu neft va gaz sanoati manfaatlariga xizmat qilishini aytdi. Uning so'zlariga ko'ra, Yevropa iqlim siyosatini davom ettirish uchun yangi ittifoqlarni kuchaytirishi kerak va iqlim maqsadlaridan voz kechish “noto'g'ri reaksiya” va “taslim bo'lish” bo'ladi.

Bu Donald Tramp davrida AQShning Parij iqlim kelishuvidan ikkinchi bor chiqishi. Uning prezidentigining birinchi muddati davomida ham Qo'shma Shtatlar kelishuvdan chiqqandi, ammo Jo Bayden ma'muriyati davrida unga qayta qo'shildi. Shu yil boshida Tramp ma'muriyati yana BMTning iqlim o'zgarishi bo'yicha doiraviy konventsiyasidan chiqish va iqlim o'zgarishi bo'yicha hukumatlararo guruhda ishtirok etishni to'xtatish niyatini e'lon qildi, deb xabar berdi inform.kz.