AQSh va Xitoy 8-9-yanvar kunlari Vashingtonda ikki kunlik harbiy muzokaralarni yakunladi. Bu haqda 9-yanvar, seshanba kuni Pentagon saytida ma'lum qilindi.
Qayd etilishicha, AQSh mudofaa vaziri yordamchisining Xitoy, Tayvan va Mo'g'uliston masalalari bo'yicha o'rinbosari Maykl Cheyz Xitoy general-mayori Sun Yanchao bilan uchrashdi.
“Bu AQSh-Xitoy mudofaa siyosatini muvofiqlashtirish bo'yicha 17-muloqot bo'ldi. Tomonlar AQSh-Xitoy mudofaa munosabatlarini muhokama qildilar va doktor Cheyz raqobatning to'qnashuvga aylanib ketishining oldini olish uchun harbiy aloqaning ochiq yo'nalishlarini saqlash muhimligini ta'kidladi”, deyiladi bayonotda.
Tomonlar Hind-Tinch okeani mintaqasida xavfsizlikning ahamiyati, mintaqaviy va global xavfsizlik masalalarini muhokama qilishdi.
“Amerika Qo'shma Shtatlari Xitoyning Janubiy Xitoy dengizidagi qonuniy Filippin kemalariga bir necha bor tazyiq o'tkazishi munosabati bilan ochiq dengizda suzish erkinligini hurmat qilish muhimligini ta'kidladi”, deyiladi bayonotda.
AQSh va Xitoy vakillari Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi va Koreya Xalq Demokratik Respublikasi tomonidan sodir etilgan provokatsiyalarni muhokama qildi.
Ma'lumki, AQSh Prezidenti Jo Bayden va XXR Raisi Si Szinpin 2023-yil oxirida vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosining 2022-yil avgustida Tayvanga tashrifi tufayli Pekin tomonidan uzilgan hamkorlikni tiklashga kelishib olgan edi, deb xabar beradi korrespondent.net.