Haykalning tantanali ochilish marosimida AQSH hukumati, Oq uy, Davlat departamenti, diplomatik korpus, “aql” markazlari ekspertlari, ishbilarmon doira va yetakchi OAV vakillari qatnashdi.
Vashingtonda qad rostlagan Abu Rayhon Beruniy haykali “Amirsoy” togʻ-changʻi kurorti homiyligi asosida oʻzbekistonlik haykaltarosh ustalar tomonidan yasalgan.
Tadbir avvalida qatnashchilarga Abu Rayhon Beruniy faoliyati va olim merosining jahon sivilizatsiyasida tutgan oʻrni haqida batafsil maʼlumot berildi. Haykalning ochilishi nafaqat buyuk oʻzbek olimining tarixiy ahamiyatini ulugʻlash, balki Oʻzbekiston-AQSH oʻrtasidagi yanada mustahkamlanib borayotgan hamkorlikning timsoli boʻlishi qayd etildi.
Oʻzbekiston madaniy merosini oʻrganish, saqlash va targʻib qilish butunjahon jamiyati ilmiy kengashi aʼzosi Federik Starr anjumandagi nutqida Abu Rayhon Beruniy faoliyati va ijodi, uning jahon sivilizatsiyasiga qoʻshgan muhim hissasi haqida batafsil maʼruza qildi.
“Abu Rayhon Beruniy Xristofor Kolumb Amerikani kashf qilishidan 500-yil avval okean ortida qitʼa borligini aytgan”, - dedi u.
Ishtirokchilar Beruniy shaxsi va merosiga AQSHda koʻrsatilgan ehtirom haqida fikr bildirishar ekan, ushbu haykal nafaqat Oʻzbekistonning faxrli oʻtmishi, balki mamlakatning yorqin kelajagini ham ramziy ifodasi ekanini taʼkidladilar.
AQSH vakillarining aytishicha, Vashingtondagi boshqa davlatlar elchixonalaridan farqli holda Oʻzbekiston diplomatik vakolatxonasi oldida siyosatchi yoki harbiy sarkardalarni emas, aynan yetuk olim haykalining oʻrnatilishi mamlakatning taʼlim, ilm-fan va innovatsiyalarga eʼtiboridan darak beradi. Qayd etilishicha, ushbu loyiha Oʻzbekistonning koʻp asrlik madaniyati, uzoqni koʻzlagan zamonaviy tashqi siyosatini va, albatta oʻzbek xalqining jahon tamadduniga qoʻshgan ulkan hissasini ifodalaydi.
Tadbir yakunida, uning ishtirokchilariga Federik Starr qalamiga mansub Abu Rayhon Beruniy va zamonaviy tibbiyot otasi hisoblangan Abu Ali ibn Sino hayoti va ijodiga bagʻishlangan “Zamonasining daholari: Ibn Sino, Beruniy” kitoblari sovgʻa qilindi.