AQShda boʻlib oʻtadigan qishki Universiada oʻyinlarida 13 nafar yurtdoshimiz ishtirok etadi

    Sport 13 Yanvar 2023 2134

    AQShning Leyk-Plesid shahrida XXX qishki Universiada oʻyinlari boshlandi.

    12-yanvarda boʻlib oʻtgan Universiadaning tantanali ochilish marosimida ishtirok etayotgan 46 ta mamlakat sport delegatsiyasi oʻz davlati bayrogʻi bilan sport maydoni boʻylab harakatlandi. Shular qatorida oʻzbekistonlik sportchi-talabalar ham Vatanimiz bayrogʻini tantanali ravishda olib oʻtdi.

    “Qishni asraylik!” shiori ostida oʻtayotgan joriy Universiada oʻyinlarida dunyo mamlakatlarining 540 dan ortiq universitet va boshqa oliy oʻquv yurtlarida tahsil olayotgan 1 443 nafar talaba-sportchisi qatnashyapti. Mazkur Universiada oʻyinlarida Oʻzbekiston talaba-sportchilarining 13 nafari uchta sport turi boʻyicha Vatanimiz sharafini himoya qiladi.

    Bugun bir qator sport turlarida, jumladan, vakillarimiz qatnashadigan snobuord va togʻ changʻisi yoʻnalishlarida dastlabki saralash bahslari oʻtkaziladi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.

    Qishki Universiada oʻyinlari 22-yanvarga qadar davom etadi.