Tadbirda mamlakatimizda yoshlarga koʻrsatilayotgan ulkan gʻamxoʻrlik, ularning xorijiy mamlakatlarda taʼlim olishi uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar, davlatimiz rahbari tomonidan har tomonlama yetuk, intellektual salohiyatli va xalqaro standartlarga mos keladigan kadrlar tayyorlashga berilayotgan alohida eʼtibor haqida maʼlumot berildi.

AQSH va Oʻzbekiston universitetlari oʻrtasida bevosita sheriklik aloqalarini oʻrnatish, “El-yurt umidi” jamgʻarmasini Amerika Qoʻshma Shtatlarida taʼlim dasturlari va stajirovkalarni tashkil etish jarayoniga jalb etish, shuningdek, bu sohada grant dasturlari uyushtirish zarurligiga eʼtibor qaratildi.

Talabalar bilan boʻlib oʻtgan tadbir ochiq muloqot shaklida oʻtkazilib, unda ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga batafsil javob berildi, ular tomonidan bildirilgan qator taklif va tavsiyalar muhokama qilindi. Xususan, “El-yurt umidi” fondi stipendiatlarining yozgi taʼtil mobaynida mahalliy hokimiyat, nodavlat va notijorat tashkilotlari, Amerikaning yirik kompaniyalarida amaliyot oʻtash masalasi muhokama qilindi. Oʻzbekistonlik talabalar mamlakatimizning Vashington shahridagi diplomatik vakolatxonasi va Oʻzbekiston davlat tashkilotlarida ham shu turdagi amaliyot dasturlarini joriy etish imkoniyatlari bilan qiziqishdi.

Elchixona tomonidan talabalar uchun AQSH Kongressi, xususan, Vakillar palatasidagi “Oʻzbekiston boʻyicha kokus” vakillarining ofislarida va boshqa qator mahalliy hukumat idoralarida ham amaliyot tashkil etish uchun imkoniyatlar mavjudligi, qiziquvchilar uchun tegishli murojaatlarni Amerika tarafiga taqdim etilishi mumkinligi taʼkidlandi.

Shuningdek, “El-yurt umidi” fondi stipendiatlariga ular tahsil olayotgan oliy oʻquv yurtlari bilan hamkorlikni kengaytirish, oʻzbekistonlik yoshlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishish hamda konsullik xizmatlarini koʻrsatishda yengillik yaratish maqsadida joriy yil elchixona delegatsiyasining ushbu shtatlarga tashriflari rejalashtirilgani haqida maʼlumotlar berildi.

Muhokamalar chogʻida talabalarga qulayliklar yaratish maqsadida AQSHdagi “El-yurt umidi” fondi stipendiatlari va mamlakatimizning Vashingtondagi elchixonasi xodimlaridan tashkil topgan “Telegram” ijtimoy tarmogʻida maxsus guruh shakllantirilgani, vujudga kelgan muammolar, takliflar hamda konsullik xizmatlariga oid savollar bilan ushbu platforma orqali murojaat qilish imkoniyati yaratilgani aytib oʻtildi.

Shuni eslatib oʻtish joizki, bugungi kunda “El-yurt umidi” fondining 82 nafar stipendiati AQSHning 14 shtati va Kanadada joylashgan 30 ga yaqin oliy bilim yurtida oʻqimoqda. Ulardan 63 tasi bakalavriat, 17 tasi magistratura va 2 tasi doktorantura (PhD) bosqichlarida tahsil olmoqda. Talabalar kompyuter texnologiyalari va dasturlash (19 ta talaba), huquq (9 ta), biznes boshqaruvi (7 ta), iqtisodiyot (6 ta), kimyo muhandisligi (6 ta), qishloq xoʻjaligi (3 ta), moliya (3 ta) va boshqa sohalarni oʻrganmoqda.

Koʻp sonli talabalarimiz Arizona davlat universiteti, Sinsinnati universiteti, Janubiy Florida universiteti, Florida davlat universiteti, Stenford universiteti, Vashington universiteti kabi AQSHning yetakchi oʻquv yurtlarida bilim olmoqda.

Onlayn-muloqot yakunida oʻzbekistonlik talaba va yosh olimlar bilan kelgusida bunday tadbirlarni muntazam tashkil etish, AQSH va Kanadadagi faol oʻzbek yoshlari bilan hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlashga kelishib olindi.