26-iyun kuni Jorjiya va Janubiy Karolina (AQSh) shtatlari osmonida olov shari porladi. Mahalliy aholi ham qattiq gumburlagan ovozni eshitishdi.
Atlantaning Genri okrugiga meteorit parchalari tushib, uylardan birining tomini teshib o'tdi. Koinot “sovg'asi” namunalari (atigi 50 gramm) yig'ilib, mahalliy universitetga topshirildi. Meteorit Makdono (McDonough) deb nomlandi.
Jorjiya universiteti tadqiqotchisi Skott Xarris namunalarni o'rganish natijalari haqida gapirib o'tdi. Optik va elektron mikroskopiya shuni ko'rsatdiki, meteorit past metall tarkibiga ega oddiy xondritdir. Bu sinf meteorit 4,56 milliard yil oldin kislorod ishtirokida hosil bo'lganligini anglatadi, ya'ni uning yoshi Yerdan kattaroqdir.
Koinotdan tushgan mazkur tosh namunasini o'rganish davom etmoqda. Tosh haqidagi ma'lumotlar hali xalqaro ma'lumotlar bazalariga kiritilmadi, deb xabar berdi science.mail.ru.









